Xorazmning suv ta’minoti og‘ir hududlaridagi aholi tomorqalari uchun 126 ta artizan quduqlari qazib beriladi

22.02.2022, 17:42

Xorazmning suv ta’minoti og‘ir hududlaridagi aholi tomorqalari uchun 126 ta artizan quduqlari qazib beriladi

Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplashga davlat tomonidan subsidiya ajratilib, artizan quduqlar qazib aholi tomorqalarini sug‘orish imkoniyatlari yaratilmoqda. Xorazm viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida partiya vakillari va O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Najmiddin Mirabdullayev Shovot tumanida bo‘ldi.

Tumanning Turkmaniston davlati bilan chegaradosh eng chekka xududi hisoblangan “Bo‘ston” mahallasi aholisi 5-6 yildan buyon oqava suvlarning taqchilligi bois dala tomorqa yerlarida dehqonchilik qilishga qiynaladi.  Mazkur muammo bu yil bartaraf etildi. “Agro eko Invest” tomorqa xizmati MChJ sa’y-harakatlari bilan mazkur mahallaga artizan quduqlar burg‘ilanib, toza chuchuk suv chiqarib berildi. Endilikda  birgina bu kabi quduq mahalladagi 30 ta dala tomorqa yerlarini sug‘orishga imkon yaratmoqda.  Bu kabi yana 3 ta quduq mazkur mahalla aholisiga tomorqalarini sug‘orish uchun tashkil etilmoqda.

Mazkur quduqning ishga tushurish va aholiga tomorqachilikni rivojlantirish borasidagi hukumat qarorlari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan seminarda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi respublika, viloyat va tuman Kengashi xodimlari aholi vakillari, mahalla oqsoqqollariga bu kabi amalga oshirilayotgan ishlar zamirida aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishlari, o‘zini o‘zi band qilgan holda o‘z xonadoni ehtiyojlari uchun hamda qo‘shimcha daromad olishlari uchun imkon yaratishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, bog‘dorchilik, issiqxonachilik va takroriy ekinlardan yil davomida 2-3 marta hosil olish borasida davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, subsidiyalar borasida kengroq ma’lumotlar berdilar.

Shovot tumanida yana 14 ta Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlari burg‘ulash ishlari rejalashtirilgan. Natijada yana 420 dan ortiq dala tomorqalarini sug‘orish imkoni yaratiladi. Bu esa o‘z navbatida aholining tomorqadan unumli foydalanib, mo‘l-hosil olishlariga xizmat qiladi.

Bu kabi quduqlar o‘tgan yilda 33 ta burg‘ilanib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 126 ta quduqlar aholi tomorqalari uchun ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

  • Ko'rildi
    1099
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+