Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyoti bilan bog‘laydigan muhim bo‘g‘indir

22.02.2022, 17:44

Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyoti bilan bog‘laydigan muhim bo‘g‘indir

Ayni paytda Taraqqiyot strategisidan o‘rin olgan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturidagi ustivor maqsad va vazifalar ijrosini barcha hududlarda qat’iylik bilan ta’minlashga kirishildi. Maqsad aniq. Huquqiy va moliyaviy asoslangan bu islohotlar uzviy davom ettirilib, kelgusi besh yilda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallangan, bu esa bojxona tizimiga alohida mas’uliyat yuklaydi.       

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 17 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari muhokama qilindi. Dunyoga bo‘y tutgan O’zbekiston bugun nafaqat yon qo‘shnilarimiz, balki jahondagi ko‘plab mamlakatlar uzviy aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bojxona tizimi esa mamlakatimizni jahon iqtisodiyoti bilan bog‘laydigan muhim bo‘g‘in. Tadbirkorlik va investitsiyalarga to‘siq bo‘lmasligi uchun bu tizim to‘g‘ri va ochiq-oydin ishlashi lozim. Buning uchun bojxona tizimini rivojlantirish, birinchi navbatda pastlardagi sharoitlarni yaxshilash talab etiladi. Shu bois yig‘ilish ana shu dolzarb masalalarga e’tibor qaratish bilan boshlandi.

Yig‘ilish davomida Chegara-bojxona postlarida infratuzilmani yaxshilash, atrofini obodonlashtirish, ayrim postlar binosini rekonstruksiya qilish, postlarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, tizimni korrupsiyadan xoli qilish uchun joriy qilinayotgan yangilik - zamonaviy komplayens tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.  Yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi. Qolaversa, Davlat bojxona qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligiga bojxona xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.  Shuningdek, xodimlarni ochiq tanlov asosida ishga olish, rotatsiya qilish, daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Muhokama qilinigan va belgilab berilgan vazifalar bojxona tizimi faoliyatining zamon talablari darajasiga ko‘tarilishini ta’minlab berishi shubhasiz.

Xalqimizda “Vatan ostonadan boshlanadi”, degan gap bor. Xorijiy davlatlar bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar yaxshi bilishadi, eng rivojlangan davlatlardan qaytayotgan chog‘ingizda ham Vatanimiz hududlariga kirib kelar ekansiz, ilk bora bojxona postida hilpirab turgan bayrog‘imizni ko‘rganda, o‘zbekona lutf bilan murojaat qilayotgan bojxona xodimlari bilan muloqot qilayotganda olam-olam hayajonni boshdan o‘tkazasiz. Bojxona postlari va unda mehnat qilayotgan xodimlar darhaqiqat, davlatimizning yuzi ekanligini his qilasiz. Shunday ekan, ular har tomonlama nomi ulug‘, aziz Vatanimizga munosib bo‘lmog‘i kerak.

Farhod Odilov,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi  

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    363
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+