Qonunchilik palatasi deputati sayyor qabul o‘tkazdi

24.02.2022, 15:31

Qonunchilik palatasi deputati sayyor qabul o‘tkazdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bahrom Rahmonaliyev shu kunlarda o‘z saylov hududi – Oltiariq tumanida bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri tumandagi 3-sektor hududidagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilib, unda Shalola, Gulobod, Zilol mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar ishtirok etishdi.

Unda deputat bilan birga, tumandagi korxona, tashkilot va muassasalarning rahbar-xodimlari qatnashdi.

Sayyor qabulda  fuqarolar hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarini gazlashtirish, ichki yo‘llarni asfaltlash hamda elektr tizimidagi uzilishlarni bartaraf etish hamda ma’naviy eskirgan elektr sim yog‘ochlarini yangilariga almashtirish kabi mavjud muammolar yuzasidan amaliy yordam berishni so‘radilar.

Deputat B.Rahmonaliyev 3-sektor hududidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan tumandagi korxona va tashkilot rahbarlariga o‘z taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.

Shuningdek, fuqarolar Shalola, Zilol va Gulobod mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida ikkita umumiy o‘rta ta’lim maktablari bir joyda joylashganligi tufayli o‘quvchilar 3 km masofadan kelib tahsil olayotganligi uchun Gulobod va Zilol MFYlar chegaralarida yangi maktab binosini qurishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati B.Rahmonaliyev kelgusida yangi maktab barpo etish yuzasidan investitsiya dasturiga taklif kiritish choralarini ko‘rishini ta’kidladi.

Deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.

Shoxsulton To‘xtamatov,

O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi

matbuot kotibi.

  • Ko'rildi
    434
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+