Deputat “mahallabay”, “xonadonbay” yurib aholi muammolarini o‘rgandi

24.02.2022, 15:43

Deputat “mahallabay”, “xonadonbay” yurib aholi muammolarini o‘rgandi

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyiga chiqqan holda bartaraf etish maqsadida o‘z saylov okrugida bo‘ldi.

Dastlab Mavluda Ibragimova Buvayda tumanidagi “Beshterak” MFY Beshterak qishlog‘ida aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan dildan suhbatlashdi. Bugungi kunda “Beshterak” qishlog‘ida 2240 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 1121 nafari ayollardir. Ularning 60 nafari “ayollar daftari”ga,  3 nafari esa “temir daftar”ga kiritilgan.

Uchrashuv davomida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holatlarini o‘rgandi. Xalq vakili ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Azizaxon opaning tomorqasini ko‘zdan kechirdi. Hozirda Aziza opa tomorqadan unumli foydalanib, issiqxonada gul ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bu orqali u o‘z oilasini va mahalladagi 15 nafarga yaqin ishsiz ayollarni ish bilan ta’minlagan.

Deputat M. Ibragimova Azizaxon opaning ushbu gulchilik sohasi bilan yaqindan tanisharkan, u bilan dildan suhbatlashib, taklif va muammolarini tingladi. Shu yerning o‘zida mahalladagi ishsiz xotin-qizlar ishtirokida seminar tashkil qilindi. Ularga tomorqaning sir-asrorlari o‘rgatildi.

Xalq vakilining keyingi maanzili Buvayda tumanidagi oilaviy poliklinikalar faoliyatini o‘rganishdan boshladi. Ushbu tumandagi Doimobod qishlog‘ida faoliyat yuritib kelayotgan 24-Oilaviy  poliklinikada bo‘lib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, xizmatlar ko‘rsatilishi holatlari bilan tanishdi. Shifokorlar bilan suhbat jarayonida ushbu poliklinika ancha ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani, aholiga xizmat ko‘rsatish uchun sharoitlar yetarli emasligi borasida murojaat qilindi. Deputat ushbu muammoni o‘z nazoratiga oldi va tegishli tashkilotlar orqali ijobiy yechim topishga va’da berdi.

Deputat tumandagi uchrashuvlari davomida Jaloyer qishlog‘idagi Oilaviy poliklinikasini ham ko‘zdan kechirganda huddi shu holat yana takrorlandi. Mazkur poliklinikada deyarli sharoitlar yo‘qligi, bino ta’mirga muxtoj ekanligi ayon bo‘ldi. Ushbu oilaviy poliklinika muammosini hal qilib berish maqsadida deputatlik so‘rovi chiqariladigan bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    217
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+