Sho‘manoyda mahallabay, xonadonbay o‘rganishlar olib borildi

25.02.2022, 10:04

Sho‘manoyda mahallabay, xonadonbay o‘rganishlar olib borildi

Davlatimiz rahbari hokim yordamchilariga juda katta mas’uliyat yuklagan. Har bir mahalladagi hokim yordamchilariga katta vakolat va majburyatlar yuklangan. 

Bu borada Sho‘manoy tumanidagi “Qarabayli” mahalla fuqarolar    yig‘inida hokim yordamchilari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda   mahallani ijtimoiy-iqtisodiy holatini xonadonbay o‘rganish, oilalar ehtiyojlarini tahlil qilish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga yordam berish, oilaviy  tadbirkorlikni rivojlantirish, kreditlar olishda ko‘maklashish,   kooperatsiya asosida  ishlaydigan  yetakchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish va aholi  tomorqalaridan  samarali foydalanishni tashkil etishda bir qancha ishlarni olib bormaqda.

Bugungi kunda Sho‘manoy  tumanidagi “Qarabayli” mahalla fuqarolar  yig‘inida 733 ta  xo‘jalik,  928 ta  xonadonda  5 minga yaqin aholi  istiqomat qilib  kelmoqda.   

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov mazkur mahalladagi hokim yordamchisi Bekpolat Tileo‘muratov va “Qarabayli” MFY raisi, tuman kengashi deputati Bekbergen Qdirniyazovlar bilan muloqot qilib, mahallada istiqomat  qiluvchi xonadon egalari bilan  yuzma-yuz suhbatlashdi.

Yuzma-yuz muloqotlar davomida partiya yetakchisi Aktam Xaitov mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa Yangi O’zbekiston strategiyasida aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va  ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish ko‘zda tutilganligini  qayd etdi. 

Ayniqsa taraqqiyot strategiyasining qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan islohotlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi farovonligini  oshirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada esa dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 barobar  oshirish,  qishloq  xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish maqsad qilib qo‘yilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Mazkur  mahallada istiqomat qilib kelayotgan fuqaro Marat Qalekeyevga  o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida subsidiya asosida 50 ta tovuq va 1 ta inkubator, 3 yillik imtiyozli kredit asosida 14 foizdan “Xalq bank” tuman filialidan 5 ta echki berildi.

Yana bir xonadon egalari Iqlas Artikov va Nasiba Ilalovalar ham hokim yordamchisining ko‘magi bilan subsidiya asosida 50 ta tovuq, 1 ta inkubator, kredit asosida 5 tadan echkilarni o‘z xo‘jaliklarida boqib kelmoqda.

Ma’lumot  o‘rnida  bugungi  kunda  “Qarabayli”  mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisining  ko‘magi bilan joriy yilning shu kuniga qadar 17 ta xonadonga 90 echki, subsidiya asosida 5 ta issiqxona, 5 ta xonadonga 350 ta tovuq va 7 ta xonadonga  1 ta inkubator, 5 ta issiqxonalar qurib berildi.

Bu bilan cheklanib qolmay, hozirgi kunda mahallada aholining o‘z tomorqa yerlaridan unumli foydalanishni  yanada kengaytirish maqsadida 20 ta xo‘jalikka issiqxona qurish ishlari boshlab yuborilgan.     

Spiker o‘rinbosari Aktam Xaitov har bir xonadon egasi bilan muloqot qilar ekan, mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla raislariga  mahallada  tomorqa  xizmatidan  foydalanishni  yanada kengaytirish,  iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ekish, anor ko‘chatlarini  moslashtirish bo‘yicha o‘zining bir qator taklif  va tavsiyalarini  aytib o‘tdi.       

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    394
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+