Taraqqiyot strategiyasi: Nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi

25.02.2022, 12:35

Taraqqiyot strategiyasi: Nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi tashabbusi bilan O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi hamda Olmazor tuman hokimligi bilan hamkorlikda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan  Yangi O’zbekistonning  taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi”da 66-maqsadida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni Olmazor tuman hokimining Ayollar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Muxarramxon Dadaxodjayeva kirish so‘zi bilan ochib berdi.

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari, Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xodjayeva tomonidan ishtirokchilarga “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan  Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi.

Taraqqiyot strategiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish masalasi belgilab berilgan. Unga ko‘ra nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratilgan.

Bu borada tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini, shu jumladan diagnostika, davolash va reabilitatsiyaning zamonaviy uslublarini qo‘llagan holda yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy va ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi, shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Partiya bu borada ularning haq-huquqlarini to‘liq himoya qilish, kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning jamiyatdagi o‘rnini oshirish borasida qonunchilik bilan yanada mustahkamlash borasida o‘z taklif va tashabbuslari bilan chiqmoqda.

Tadbirda Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati ham batafsil tushuntirib o‘tildi.

Shuningdek mahallalarda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, amaliyot va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Bu borada partiya ayollar qanoti tomonidan qator partiyaviy loyihalar amalga oshirib kelinayotganligi aytib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qilishdi va batafsil javoblarni olishdi. Tadbir juda qizg‘in, bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.

  • Ko'rildi
    693
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+