Deputatlarimiz “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlarni tahlil qilish barobarida daraxtzorlar ko‘payishiga amaliy hissa qo‘shyaptilar

25.02.2022, 15:32

 Deputatlarimiz  “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlarni tahlil qilish barobarida daraxtzorlar ko‘payishiga amaliy hissa qo‘shyaptilar

“Yashil makon”, “Yashil yillik”  umummilliy loyiha va tadbirlarining poytaxtimiz Yashnobod tumanida amalga oshirilishi qanday boryapti? Tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘kalamzorlashtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildimi? Bu jarayonda qanday qiyinchiliklar, kamchiliklar bor?    

 Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini ushbu yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha O’zLiDeP deputatlari, faollaridan iborat ishchi guruh mutasaddilarga  ana shu kabi savollarni berdi. Tuman hokimligida o‘tkazilgan muloqotda “Dilbog‘” va “Barkamol”  mahallalarida yashovchi fuqarolar, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va o‘qituvchilari, partiyamizning shu tumandagi a’zolari, faollari ishtirok etdi.    

Yashnobod tumani hokimi o‘rinbosari Marg‘uba Tursunovaning ma’lum qilishicha, birgina tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan keyingi bir necha oy davomida  sug‘orish tizimlari mavjud hududlarga 7,5 mingta ko‘chat ekiladi. Boshqa tashkilot va muassasalar ham bu jarayonda amaliy ishlar bilan ishtirok etadi. Ko‘kalamzorlashtiriluvchi hududlarga sug‘orish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish bo‘yicha keyingi besh yilga mo‘ljallangan dastur  hamda 2022-2026 yillarda tuman obodonlashtirish boshqarmasini maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlash parametrlari tasdiqlandi. Irrigatsiya va sug‘orish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Yashnobod tuman inspeksiyasi inspektori Ilhom Hakimov qayd etganidek, bahor mavsumida ko‘chat ekish va saqlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha “Yashil haftalik” tadbirlari o‘tkazib borilishi rejalashtirilyapti. Tegishli manbalar hisobidan aholiga bepul ko‘chat tarqatish hamda "yashil bog‘lar" va "yashil jamoat parklari"ga daraxt ekilishidan kelib chiqilib, fuqarolarning zarur jihozlar bilan ta’minlanishi bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.

Boshqa mutasaddilar ham bu boradagi ishlar to‘g‘risida axborot berdilar.  

Deputatlarimiz soha mas’ullarini ekologiya masalalari bo‘yicha aholidan tushayotgan murojaatlar bilan tanishtirdilar, kamchiliklarni barataraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar.

Tadbirdan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari “yashil” hududlarni ko‘paytirish g‘oyasini targ‘ib qilish, ko‘chat ekish bobida o‘rnak ko‘rsatish maqsadida 61-umumta’lim maktabi, 30-sonli mehribonlik uyi va bir necha ko‘p qavatli uylar oldidagi yer maydonlariga manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdilar.     

Viktor Adilov,

Xalq deputatlari Yashnobod tuman

kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    503
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+