Ishchi guruh hududda: Qashqadaryoda ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi

25.02.2022, 15:38

Ishchi guruh hududda: Qashqadaryoda ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi

Qarshi shahridagi “Yoshlar markazi”da «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»ning 37-53 yo‘nalishlari ijrosini ta’minlash maqsadida “Maktablarni rivojlantirish Milliy dasturini joriy etish, maktablarda ta’lim sifatini oshirish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ushbu ochiq muloqot Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda  tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, viloyat halq ta’limi mas’ul xodimlari, maktab direktorlari hamda o‘qituvchilar ishtirok etishdi. 

Tadbirni O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Arziqul Sherov ochar ekan, bunday ochiq muloqotlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad bevosita ta’lim jarayonining ichida yurgan o‘qituvchilar fikrlarini tinglash, takliflarini eshitib, zarur xulosalar chiqarishga qaratilganini aytib o‘tdi.

-Pedagog-kadrlar bilim va malakasini oshirish bugungi kunning eng muhim vazifasi bo‘lib turibdi,- dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulshana Xudoyorova. – Bugun o‘qituvchilar bilan dildan, ochiq muloqot qilib shu narsaga amin bo‘ldimki, biz yangi qonunlar ishlab chiqishda birinchi galda maktablarga kirib borishimiz, o‘qituvchilar dilidagi fikrlarga tayanishimiz lozim ekan. Ochiq muloqotda yana shu narsa ayon bo‘ldiki, maktablarda bilimli o‘qituvchilar ko‘p, shu bilan birga o‘z sohasini chuqur bilmaydigan, maktab va ta’limdan uzoq soha vakillari ham o‘qituvchi bo‘lib yuribdi. Yoki muloqotda aytilganidek, o‘quvchi bilimini nazorat qilishda ota-ona majburiyatini ham kuchaytirish kerak. 

Shuningdek, ochiq muloqotda o‘qituvchilar imidjini yaratish, o‘qituvchi axlok kodeksini ishlab chiqish, o‘qituvchini ishga olishda talabni kuchaytirish, o‘qituvchi sifat ko‘rsatkichlarini doimiy nazorat qilib borish, mansabdorning yaqin qarindoshi bo‘lgan o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashida jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, maktabda uchinchi shaxs aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabi masalalar o‘rtaga tashlandi.

Bildirilgan takliflar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining  Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida ko‘rib chiqilishi uchun qayd etib borildi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    570
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+