“O’zLiDeP PRESS KLUBI”ning navbatdagi soni Bo‘kaning eng olis qishloqlaridan birida noodatiy tarzda o‘tkazildi

25.02.2022, 17:35

“O’zLiDeP PRESS KLUBI”ning navbatdagi soni Bo‘kaning eng olis qishloqlaridan birida noodatiy tarzda o‘tkazildi

Ma’lumki, 2020 yil 11 mayda Prezidentimizning “Respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Qarorga muvofiq, respublikamiz hududlari bosqichma-bosqich qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtirilishi ko‘zda tutilgandi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, tumanlarni aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtirish vazifalari ham belgilab berildi.

“O’zLiDeP PRESS KLUBI”ning navbatdagi soni ham respublikada qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali moddiy farovonligini oshirish, bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilikni keng xabardor qilish, tizimdagi mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi yuzasidan takliflarni umumlashtirish maqsadida Bo‘ka tumanining eng chekka mahallasida tashkil etildi.

“Mahallalarni aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi ochiq muloqot Toshkent viloyatining qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlaridan biri Bo‘ka tumani Cho‘lobod” MFYda istiqomat qiluvchi Zebi opa Berdiyeva xonadonida o‘tkazilgani bejiz emas, albatta.

Mazkur xonadon egasi Zebi Berdiyeva tumandagi o‘z tomorqasidan unumli foydalanib, yiliga 3 martadan hosil olib, yuqori samaradorlikka erishayotgan yer egalaridan biri hsioblanadi. Uning 20 sotixdan iborat yer maydonidan yaqindagina ismaloq ko‘katlari yig‘ib, olinib, 60 million so‘mlik daromad ko‘rilgan. Undan bo‘shagan joyga karam ko‘chatlari ekilgan. Bu esa, almashlab ekish tajribasidan dalolat beradi.

Press-klubning munozara jarayonida bo‘sh yotgan yerlardan samarali foydalanishda mahalla va tuman aholisiga namuna bo‘lgan xonadon tajribasini ommalashtirish kerakligi qayd etildi.

Tomorqadan samarali va unumli foydalanib, yil davomida bir necha marotaba hosil olish imkoniyatlari borasida tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Bugun mamlakatimizda har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalindi.

Xonadonlarda yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilishning ham yechimlari borasida atroflicha fikr yuritildi.

Xonadonbay ishlashda ayniqsa, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilarining o‘rni beqiyos bo‘layotgani ta’kidlandi.

Press-klub ishi mobaynida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli taklif, uslubiy ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    552
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+