Taraqqiyot strategiyasi: Kasb-hunarga o‘qitish – ishsizlik muammosini hal etishdagi muhim omil

28.02.2022, 16:42

Taraqqiyot strategiyasi: Kasb-hunarga o‘qitish – ishsizlik muammosini hal etishdagi muhim omil

G’allaorol tumanidagi 1- son Kasb-hunar maktabida O‘zLiDeP  Jizzax viloyat Kengashi Jamoatchilik bilan aloqalar va mafkuraviy ishlar bo‘limi tashabbusi bilan “Taraqqiyot strategiyasi: Kasb hunarga o‘qitish – ishsizlik muammosini hal etishdagi muhim omil” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, Taraqqiyot strategiyasida har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish maqsadi ham qo‘yilgan bo‘lib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish, kasbiy ta’lim bilan tizimli ravishda shug‘ullanish masalalarini to‘liq ravishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ixtiyoriga o‘tkazish, umumta’lim maktablarining kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarini davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizimni joriy etish kabi vazifalar belgilangan.

G’allaorol tumanida faoliyat olib borayotgan mazkur ta’lim maskanida bugungi kunda 423 nafar o‘quvchilar 8 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqdalar.

- Maktabimizda shuningdek, “Temir daftar”, Ayollar va yoshlar daftariga kiritilgan fuqarolarimizni ham qisqa o‘quv kurslariga jalb qilib, ma’lum bir mutaxassislikka o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan, - deydi ta’lim muassasasi direktori xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP  deputatlik guruhi a’zosi Nigora Abdusattorova. – Shu kungacha birgina “Ayollar daftari” ga kiritilgan 29 nafar xotin-qizlarimiz o‘zlari xohlagan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislikka o‘qitilib, sertifikat oldilar va o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Uy sharoitida mehnat qilishlari uchun sharoit yaratib berish masalasi ham  deputatlik nazoratiga olingan.

Tadbir davomida ishtirokchilarning barcha savollariga atroflicha javob qaytarildi. So‘ngra barcha ishtirokchilar maktabda kasb-hunar sirlarini o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

O‘zLiDeP  Jizzax viloyat kengashi

jamoatchilik bilan aloqalar  va

mafkuraviy ishlar bo‘limi

  • Ko'rildi
    1013
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+