Monomarkazda ishlayotgan 20 nafar xotin-qizlar partiya safiga qo‘shildi

04.03.2022, 12:05

Monomarkazda ishlayotgan 20 nafar xotin-qizlar partiya safiga qo‘shildi

O'zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan Nukus shahar Kengashi qoshidagi “Ishga marhamat” Monomarkaz qoshidagi  boshlang‘ich partiya tashkilotida  davra suhbati tashkil qilindi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidlashdi.  

1 mart kuni  Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan  videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  

Yig‘ilishda Prezidentimiz mamlakatimizda ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar,  ayollarning  jamiyatmiz  hayotida  tutgan  o‘rnini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek kamchiliklar, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar va galdagi vazifalarni belgilab berdi.

Xususan, ayollar tadbirkorligi, ularni kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan  ta’minlash,  «Ayollar daftari» tizimi doirasida amalga oshirilgan ishlar, yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash va boshqa qator amaliy ishlarni sanab o‘tdi va "Bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz zarur", - dedi.

Haqiqatdan  ham  jamiyat  barqarorligi,  taraqqiyoti  ayollarga,  oilaga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan baholanadi.

Partiyamizning saylovoldi dasturida ham xotin-qizlar, nogiron shaxslar hamda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj boshqa toifalari, eng avvalo yoshlarni ishga joylashtirishda yangi usullardan foydalanish kabi qator vazifalar belgilangan. Partiyamiz yurtimizda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq quvvatlaydi.

Tadbir  davomida  partiya qoshidagi “Ayollar qanoti”ning  joriy yilgi  ish-rejasiga muvofiq, xotin-qizlarning  jamiyatdagi  o‘rni  va rolini  oshirish, partiyaviy loyihalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Qolaversa ushbu markazda faoliyat olib borayotgan 20 nafardan ziyod xotin-qizlar partiya safiga qabul qilindi.       

 O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati 

  • Ko'rildi
    432
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+