Investitsiyalar, eksportni va oziq-ovqatlarni ko‘paytirish borasidagi imkoniyatlarimizdan yanada samaraliroq foydalanishimiz zarur

10.03.2022, 11:49

Investitsiyalar, eksportni va oziq-ovqatlarni ko‘paytirish  borasidagi imkoniyatlarimizdan yanada samaraliroq foydalanishimiz zarur

Keyingi besh yil mobaynida mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalar jalb qilish va eksport salohiyatini oshirishga bo‘lgan yondashuvlar mutlaqo o‘zgardi, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu bejiz emas, albatta. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi barcha davlatlar qatori O’zbekistonning ham mustaqilligi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligini ta’minlash garovi hisoblanadi. Sarmoyalar va eksportning kengayishi  iqtisodiyotimizning izchil o‘sishiga imkon yaratadi. Kuchli iqtisodiyot esa islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlovchi asosiy omildir. Tilga olingan vazifalarning 2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasidan o‘rin olganligi ularning nechog‘li muhimligini ko‘rsatmoqda.

Shu haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Investitsiyalar va eksportni ko‘paytirish, oziq-ovqat bozorini to‘ldirish vazifalari ko‘rib chiqildi, erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilindi. 

      Jahon tajribasidan ayonki, faol investitsiya siyosatini yuritgan davlatlar o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham Prezidentimiz  o‘z chiqishlaridan birida “Investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi”,  deya ta’kidlagan edi.  Darhaqiqat,  investitsiyalarning keng miqyosda jalb etilishi  ko‘plab sohalarga yangi texnologiyalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishi va tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatdoshligiga erishish, eksport tarkibi hamda geografiyasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, hududlarning eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan islohotlar ancha faollashdi. Yangi eksport bozorlariga chiqish  eng asosiy vazifalardan biri. Hozirgi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yoki qayta ishlangan mahsulotlarning jahon bozorlaridagi ulushi sezilarli bo‘lsa-da, uni yanada oshirish imkoniyatlari mavjud. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish zarur.

Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlariga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, tovarlarni eksportga yetkazishda logistika masalalarini tezkor hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari ichki iste’mol bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi.  Eng avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. Prezidentimiz tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun aholiga qo‘shimcha 80 ming gektar yer maydonlari ajratish borasidagi ishlarga tanqidiy baho berdi.

Demak, soha samaradorligini yanada oshirish, tegishli mexanizmlarni takomillashtirish, yechimini kutayotgan masalalarni oqilona hal etish talab etilyapti. Xususan, tomorqachilik oziq-ovqat mahsulotlarini arzon qilishda katta ahamiyatga ega. Mamlakatimizdagi  tomorqa yer egalari ixtiyorida 503  ming gektardan ziyod yer maydonlari bor. Bu – juda katta salohiyat, imkoniyat. Statistik ma’lumotlarga e’tibor beraylik: yurtimizda yetishtirilayotgan sabzavotlarning  71 foizi,  chorvachilik mahsulotlarining 94 foizdan ortig‘i aholi xonadonlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. E’tiborlisi, keyingi besh yil mobaynida tomorqa yerlardan samarali foydalanish uchun mukammal tizim yaratildi. Endilikda bu tizim samaradorligini yanada oshirishga kirishmog‘imiz lozim.   

Xulosa qilib aytganda, Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning hozirgi bosqichida yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish tegishli tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda xalqimizning turmush sharoitini yanada yaxshilash imkonini beradi. 

Aktam XAITOV

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

partiya fraksyaisi rahbari.

  • Ko'rildi
    588
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+