Chiroqchida kartoshkachilik va baliqchilik kooperatsiyasiga asos solindi

11.03.2022, 12:32

Chiroqchida kartoshkachilik va baliqchilik kooperatsiyasiga asos solindi

Bu yil bahor seryog‘in keldi. Osmondan yog‘ilayotgan billur tomchilar qiru adirlar, bog‘u rog‘larni yashnatdi. Ko‘klam tarovatidan zavq olgan qashqadaryolik dehqonlar, bog‘bonu sohibkorlar allaqachon dala yumushlarini boshlab yuborishdi. Ayniqsa, ular mamlakatimizda milliy harakatga aylangan “Yashil yillik” umummilliy dasturi doirasida ko‘chat ekib bog‘ yaratish, har bir mahallada, ko‘chayu xiyobonda mevali bog‘-rog‘lar yaratishga astoydil kirishdilar.

Tomorqachilikni daromad manbaiga aylantirish, birorta  xonadon hovlisni  ham qarovsiz qoldirmaslik, avvalo o‘z oilasini, qolaversa bozorni to‘kin-sochin qilish borasidagi sa’y-harakatlar Chiroqchi tumanida ham bardavom. Tumandagi “Pakandi” mahallasi azaldan ko‘chatchilik bilan mashg‘ul bo‘lib, Chiroqchi va boshqa tuman bozorlariga pomidor, bo‘lg‘or qalampiri, karam, baqlajon, qulupnoy ko‘chatlari yetkazib beradi.

Ammo bugungi kunda tomorqalardan yanada unumli foydalanish, ilgarigi ko‘p joyni egallab yotadigan daraxtlardan voz kechib, pakana va yarim pakana intensiv mevali daraxt ko‘chatlarini ekmasdan, kartoshka urug‘chiligini rivojlantirmasdan, bir mahalla bir mahsulot tamoyilini joriy etmasdan turib, muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. “Pakandi” MFYda mazkur dolzarb vazifalarni amalga oshirish, dehqonu sohibkorlarga, tomorqachilarga tavsiyalar berish maqsadida Spiker o‘rinbosari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari tashrif buyurishdi.

Bu yerda o‘tkazilgan amaliy seminarda mahalla raislari, tuman hokimi yordamchilari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqachilar, bank xodimlari hamda aholi vakillari ishtirok etishdi va ularga bog‘ yaratish, issiqxona barpo etish, chorva va parranda boqish hamda baliqchilikni rivojlantirish uchun O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 7 foizli kreditlardan foydalanish tartib qoidalari tushuntirildi.   

-Mahallada tomorqasidan unumli foydalanayotgan fuqarolar juda ko‘p ekan,- dedi A. Xaitov. –Ammo tomorqachilar boshini qovushtiradigan, ularni sifatli urug‘lik, mineral o‘g‘it,  tayyor mahsulot bozorini topib beradigan tashkilot yo‘qligi ularga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Aholi vakillari bilan suhbatda shu narsa ayon bo‘ldiki, mahallada deyarli har bir xonadon kartoshka yetishtiradi. Lekin kartoshga urug‘larini ular har joydan xarid qilishadi. Kartoshka urug‘ini shu yerning o‘zida tayyorlash va aholini  ta’minlash bo‘yicha kartoshkachilik kooperatsiyasini tuzish masalasini hal etdik. Namanganning Cho‘st tumanidan kelgan bog‘bonlar, o‘zlari olib kelgan payvandli intensiv yarim pakana ko‘chatlarni tomorqalarga ekib ko‘rsatishdi.

Spiker o‘rinbosari A. Xaitov, Chiroqchi tumani hokimi X. Jo‘rayev va boshqa mutasaddilar aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirishdi. Ayniqsa, Dilmurod Sattorovning yashnab turgan hovlisi ularda qiziqish uyg‘otdi. Tomorqada yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Otaxon ko‘chat yetishtirishda o‘ziga xos tajribaga ega ekan.

-Oshirib-toshirib gapirishni yomon ko‘raman,- deydi D. Sattorov. – Mana ko‘rib turibsiz, 20 sotix tomorqamdan yil bo‘yi ter to‘kib ishlasam, yegan-ichganimizdan tashqari 50 mln so‘m daromad topaman. Bozorga bahor oylarida pomidor, bulg‘or qalampiri, achchiq qalampir, karam ko‘chatlarini chiqaraman. Bodring, pomidor, kartoshka, ko‘katlar yetishtirib, bozor to‘kinligini ta’minlayman. Tomorqamda biror qarich bo‘sh yer yo‘q, hamma yumushlarni rafiqam Nasibaxon Ergasheva bilan birga bajaramiz.

Aynan Dilmurod boboning qo‘shnisi Hasan Xidirov tomorqasi qarovsiz qoldirilgani mutasaddilar diqqatini tortdi. Yerga ancha vaqtdan buyon ishlov berilmagan, ekin ekilmagan. Turli chiqindilar pala-partish tashlangan. Xonadon egasi H. Xidirovga mahalladagi hokim yordamchisi tomonidan hayfsan berildi. Yerga ishlov berish va jo‘yak olish ishlarai boshlab yuborildi.

 Tumandagi “Qahramon” MFY baliqchilikka ixtisoslashgan. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Qahramon qishlog‘ida tabiiy ravishda yer ostidan chuchuk suv otilib chiqadi. Bu suvda baliq parvarishlash juda qulay. Ammo odamlar baliqchilikni qishloqqa Abdurashid Ahmedov olib kirgan deyishadi.

-Baliqchilikni boshlaganimga 4 yil bo‘ldi, - deydi A. Ahmedov. -Internetda Farg‘onaning Oltiariq tumanida baliq yetishtiruvchi tadbirkorni ko‘rib unga havasim keldi. U Afrika laqqasini boqar ekan.  1 sotix joydagi hovuzda 10 ming dona baliq chavag‘ini tashlab, 8 oyda 10 tonna baliq yetishtiribdi. Shu tadbirkor uyiga borib. 3 oy o‘rgandim. Afrika laqqasi 20 daraja issiqlikdagi suvda rivojlanar ekan. Bizning mahalada esa yer ostidan 23 darajada issiq suv otilib chiqadi. Bu qulaylikdan foydalanib, uyimda eni 10 metr, uzunligi 30 metr hovuz qurib, 30 mingta baliq chavag‘i tashlab, 8 oyda 200 mln so‘m daromad qildim. Bugungi kunda bankdan 300 mln so‘m kredit olib, 5 ta hovuzda 150 mingta baliq boqyapman. Har hovuzdan 200 mln so‘mdan, hammasi bo‘lib, 1 mlrd so‘m daromad olishni mo‘ljallayapman. 8 nafar doimiy, 15 nafar kunlik ishlovchi kishilar bandligini ta’minlaganman. Qishlog‘imizad 42 nafar baliq yetishtiruvchi tadbirkorlar bor. Ular safini yanada kengaytirish maqsadida Spiker o‘rinbosari A.Xaitov menga baliqchilik kooperatsiyasi tashkil etib, yana 50 nafar aholini baliqchilikka jalb qilish taklifini berdi. Bundan men juda xursand bo‘ldim. Nasib etsa, kreditlar hal bo‘lsa, qishlog‘imizda baliqchilik kooperatsiyasiga asos solamiz.

Pakandi va Qahramon mahallalarida kartoshkachilik va baliqchilik kooperatsiyalari ochish bo‘yicha bildirilgan taklifni yuzlab aholi vakillari mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlashdi. Albatta, bunday takliflar xalqni birlashtirib, qo‘lni-qo‘lga berib, mehnat qilishga, yurtni obod qilishga undaydi.

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    343
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+