O`zLiDeP Faxriylar Kengashi a’zolari mahalladagi nuroniylar bilan uchrashdi

14.03.2022, 16:36

O`zLiDeP Faxriylar Kengashi a’zolari mahalladagi nuroniylar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O’zbekiston Liberal- demokratik partiyasi huzuridagi Faxriylar Kengashi raisi, O’zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Sodiqjon Turdiyev tashabbusi bilan Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Tut mahalla fuqarolar yig‘inida tuman  aholisi bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirni O`zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Ilhom Botirov Prezidentimiz tomonidan mahallaga, nuroniylarga, xotin-qizlar va yoshlarga e’tiborning yuksak namunasi sifatida o‘tkazilayotgan videoselektor shaklidagi anjumanlarda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning mazmun-mohiyati, “Inson qadri uchun” degan yuksak g‘oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar orqali inson qadrini ulug‘lash, mamlakatimizdagi barcha aholi qatlamlariga baxtli va farovon hayot kechirishlari yo‘lida imkoniyat va sharoit yaratib berishdek ezgu g‘oya amalga oshirilayotgani haqida qisqacha fikrini bildirdi.

Ushbu jarayonda O`zLiDeP mas’uliyatni to‘la his qilgan yetakchi siyosiy partiya sifatida faol ishtirok etishga intilayotgani va ushbu maqsadda ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi. Xususan, viloyat va tuman shaharlar Kengashlari huzuridagi O`zLiDeP Faxriylar Kengashlari tarkibida 161 nafar nuroniylar o‘zlarining aniq reja va maqsad atrofida hududlarda faol ish olib borishmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi rahbari, tajribali tadbirkor, O`zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi huzuridagi Faxriylar Kengashi raisi Haydar O’roqov Faxriylar Kengashi faoliyati, joylarda yoshlar tarbiyasi va kamoloti, aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

Mahalla yoshlari yetakchisi sifatida ish yuritayotgan Shohjahon Pardayev mahallada yoshlar siyosati, yoshlar balansini shakllatirish, yoshlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Ta’kidlash joizki, Tut MFY hududi 1484 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, mahalla 4 ta qishloqni birlashtirgan va 1280 ta oilada 7520 nafardan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Shundan 4800 nafardan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etsa, 786 nafar yoshi ulug‘ nuroniylar o‘z ibrati va namunasi bilan yoshlar tarbiyasi, oilalar mustahkamligi, hudud obodligi va rivojlanishida o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.

Yoshlar, ayollar va temir daftarda ro‘yxatda turuvchi 60 nafar yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla inspektori hamjihat va hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlaridan aholi vakillari o‘z mamnunliklarini bildirishdi.

Uchrashuvda mahalla aholisi tomonidan transformatorni tarmoqqa ulash, bolalar bog‘chasi qurish, eski ko‘prikni ta’mirlash, mahalla markaziga bank shaxobchasi yoki bankomat tashkil etish kabi masalalarda murojaatlar qayd etildi. Murojaatlarda ko‘tarilgan muammoli masalalarni hal etish borasida O`zLiDeP viloyat Kengashi mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari orqali hal etishda ko‘maklashadigan bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    674
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+