E’tibor – tadbirkorga qanot

14.03.2022, 16:39

E’tibor – tadbirkorga qanot

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi “NEW LEVEL SHOES” oilaviy korxonasining o‘ziga xos tarixi va yo‘nalishi bor. Bugungi kunda 200 turdagi xaridorgir poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan korxonaga dastlab faoliyatini tumanda oddiy kosibchilikdan boshlagan Yorbek Mavlonov rahbarlik qilgan. Ayni paytda korxonani uning ukasi Sanjar Mavlonov boshqarayapti.

O’zLiDeP Sirdaryo viloyat kengashi vakillari partiya faoli Yorbek Mavlonov faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Har bir ishning boshlanishi bo‘lgani kabi dastlab, 3-5 turdagi mahsulot ishlab chiqarishdan boshlagan mazkur korxonada bugungi kunda xaridorgir sport, maxsus sohalar uchun va ayollar poyabzallari ishlab chiqarilmoqda.

– Uch aka-uka o‘z mehnat faoliyatimizni tumanimizdagi turli joylarda kosibchilik faoliyatini yurgizishdan boshlaganmiz, – deydi  Yorbek Mavlonov. – Har bir poyabzalni ta’mirlab egasiga topshirish jarayonida qo‘limdagi poyabzalning tikilishi, dizayni, tagcharmi, qanday tayyorlanganligiga alohida e’tibor berardim. Keyin bilsam, faqat men emas, akalarim ham shunday qilar ekan. Bir suhbat jarayonida o‘zimiz poyabzal tikish ustaxonasini tashkil etish haqida fikrlashib qoldik. Buni qarangki, hammamizning xayolimizda ana shu o‘y, maqsad bor  ekan. Yaxshi niyat bilan ish boshladik. Bugungi kunda faoliyatimizni olib borayotgan ikki qavatli tashlandiq binoni ijaraga oldik, ta’mirladik. Toshkentdan dillerlar orqali charm va tagcharm mahsulotlarini olib keldik. Oddiy kundalik hayotda kiyiladigan oyoq kiyimlar, to‘y va marosimlarga hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boruvchi ishchi-xizmatchilar uchun kiyiladigan poyabzallarni ham ishlab chiqarib ichki bozorga taqdim etdik. Mahsulotlarimiz “White Gold”  savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayapti.

Yosh tadbirkor ishni boshlash jarayonida ishlab chiqarishga bankning 90 million so‘mlik sarmoyasini kiritib Xitoyda ishlab chiqarilgan uskunalarni xarid qildi. Albatta, ishni boshlash, xaridorlar e’tiborini qozonish oson bo‘lmadi. Buning uchun birinchi navbatda uch aka-uka kosiblar Yorbek, Azizbek, Sanjar poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona, kichik korxona va tadbirkorlar faoliyatini o‘rganib, ulardan maslahat oldi.

Tadbirkorlar yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Oilaviy korxonaga aka-uka, qarindosh urug‘lardan iborat 20 nafar ishchi-xizmatchi  jalb qilindi. Dizayner ham qolipga tortuvchi ham yangi mahsulot turini ishlab chiqarishga kirituvchi ham o‘zlari bo‘ldi. Korxonada poyabzallar aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib Turkiya, Xitoy, mahalliy charm va tagcharm mahsulotlaridan foydalanib tayyorlanayapti. Tadbirkorlar sport, soha  xodimlari uchun maxsus oyoq kiyimlar, shuningdek, ayollar tuflilarini ham ishlab chiqarayapti.

Korxonada doimiy ishlovchilar 15 nafar, ammo mavsum davomida ishchilar soni 60 kishidan oshib ketadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning xaridorgirligi sabab Guliston shahrida, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlarida savdo do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Yorbek Mavlonov ayni paytda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida  korxona filialini boshqarayapti. “Oqoltin-Navoiy poyabzallari” nomi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yigitning shuhratini oshirgani rost. O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Yorbekka Navoiyda korxona filialini ochish tavsiya qilingandi. Ishonchni oqlagan  rahbar tufayli 20 kishining bandligi ta’minlandi. Viloyat hokimi  ishchilar sonini 100 nafarga yetkazishi uchun shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashishni zimmasiga oldi. 

Albatta bu e’tibor – tadbirkorga qanot bag‘ishladi. Yosh tadbirkor yigitning mehnatlari besamar bo‘lmadi.O’tgan yilning 30 iyun – "Yoshlar kuni"da yosh tadbirkor Yorbek Mavlonov Prezidentimiz farmoni bilan "Mard o‘g‘lon" Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

  • Ko'rildi
    496
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+