BPT faoliyati samaradorligi sarhisob qilindi

17.03.2022, 16:50

BPT faoliyati samaradorligi sarhisob qilindi

O’zLiDeP Bo‘stonliq tuman Kengashi boshlang‘ich partiya  tashkilotlarida o‘tkazilgan hisobot-saylov yig‘ilishlarining yakunlari tahliliga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi tashkil etildi.

Yig‘ilishda O’zLiDeP Bo‘stonliq tuman Kengashi xodimlari, mahalliy Kengashdagi partiya deputatlari, BPT raislari hamda faollar ishtirok etishdi.

Unda partiya tuman Kengashining quyi negizlari tomonidan joylarda keng aholi qatlamlari o‘rtasida  partiyaning hayotbaxsh g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilish, ayniqsa, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat Dasturi ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish maqsadida tashkil etilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari samaradorligini taftish qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hisobot yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanishicha, 2022 yil 15 fevraldan 28 fevralga qadar tumandagi mavjud 41 ta boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot-saylov yig‘ilishlari qat’iy tartibda, o‘z muddatlarida o‘tkazilgan.

Shuningdek, hisobot davrida partiya a’zolarining sifat tarkibi puxta o‘rganib chiqilib, ular orasidan o‘zining mustaqil fikri va siyosiy pozitsiyasiga ega, safdoshlarini o‘z ortidan ergashtira olish qobiliyatiga ega, puxta bilimli, dunyoqarashi keng munosib nomzodlar saralangan. Boshlang‘ich tashkilotlar raislari va ularning o‘rinbosarlari shu asosda qayta yoki yangidan saylanishgan.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, eng muhimi, o‘tgan hisobot-saylov yig‘ilishlari davrida boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini tubdan  yaxshilashga muvaffaq bo‘lingan. Bundan tashqari olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari samarasi o‘laroq, partiya a’zolari safi ham keskin  o‘sib borayotganligi kuzatilmoqda. Bugungi kunga kelib tumanda boshlang‘ich tashkilotlar soni 41 tani, partiya a’zolari soni esa 4556 nafarni tashkil etmoqda.

Tadbir so‘nggida tegishli qaror qabul qilinib, bundan keyingi davrda amalga oshiriladigan ishlar haqida muayyan ko‘rsatmalar ishlab chiqilib, targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga doir tavsiyalar berildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    568
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+