Mahalladagi ayollar faoli fidoyi, jonkuyar va mas’uliyatli bo‘lishi kerak

24.03.2022, 11:09

Mahalladagi ayollar faoli fidoyi, jonkuyar va mas’uliyatli bo‘lishi kerak

Yurtimizda xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish, opa-singillarimizni ulug‘lash va e’zozlash ezgu qadriyat sanaladi. Bugungi kunda bunday ezgu an’analarni nafaqat davom ettirish, balki yangicha ma’no-mazmun bilan boyitishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarda, qolaversa Taraqqiyot strategiyasida ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ayni haqiqat.

Xususan, davlatimiz rahbarining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichda tizimli davom ettirishga qaratilgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Farmonning ahamiyatga molik muhim bir jihatiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Sir emas keyingi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oilalarda ham ruhan, ham jismonan jabrlanayotgan yoki yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini ko‘cha-ko‘yga tashlab ketayotgan xotin-qizlar haqidagi xabarlar qalblarimizni larzaga soldi. Yoki turmushda uchrab turadigan to‘siqlar, muammolarni bartaraf qilishga o‘zida kuch, iroda topa olmaganidan oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni mustahkamlay olmayotgan, osonlikcha ajrashishga shoshilayotgan opa-singillarimiz ham oramizda uchrab turibdi.

Tabiiyki, bunday noxush holatlar, oila, xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish zaruratini yuzaga chiqardi. Shu bois, farmonga binoan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Maqsad bu boradagi kamchiliklarni tizimli bartaraf etish, hayotda ma’lum to‘siq va sinov qarshisida qolgan opa-singillarimiz bilan ishlash tizimini sifat va son jihatidan yangi bosqichga olib chiqishdan iboratdir.

Yangi tashkil etilgan qo‘mitaga qator vakolatlar berilgani alohida e’tiborga molik. Xususan qo‘mita raisi ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari va Senat a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. Qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar boshqarmalari rahbarlari esa, hokim o‘rinbosari hisoblanadi.

Respublikada ayni paytdagi 9 309 ta mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilindi. Mahallalardagi xotin-qizlar faollari ham hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qanday konkurs bilan tanlangan bo‘lsa, shunday ochiq konkurs asosida, tajribali, obro‘-e’tiborli, tadbirkor ayollar orasidan lavozimga qo‘yilmoqda.

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘ilishi tabiiy. Yangi qo‘mita tuzishga zarurat bormidi? Shundoq ham xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadigan boshqa davlat tashkilotlari mavjud ediku?! Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, alohida qo‘mita tuzishni davrning o‘zi o‘rtaga qo‘ydi. So‘zimni isboti sifatida birgina misol keltirib o‘tmoqchiman.

O’tgan davrda “Ayollar daftari” doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, bu borada boshlangan ishlar oxiriga yetmay qolmoqda. Masalan bugungi kunda 630 mingdan ziyod xotin-qiz ro‘yxatda turgan bo‘lsa, ularning 200 ming nafari ishsiz. Ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilada zo‘ravonlik va tazyiq holatlari, afsuski, uchrab turibdi. Tan olish kerak, bu ishlarni oxiriga yetkazadigan, mas’uliyatni to‘la o‘z zimmasiga oladigan tashkilot yo‘q edi. To‘g‘ri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bu ishlar bilan shug‘ullangan. Lekin har bir ayol, har bir oilaga kirib borish uchun oqsadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mahalla faollari, jamoatchilik va nuroniylarning o‘rni va ta’siri bu ishlarni oxiriga yetkazishda kutilgan natijani bermadi. Qo‘mita yaxlit tizim sifatida eng quyi bo‘g‘inga tushib, har bir ayol bilan individual shug‘ullanadi. Berilgan vakolat va imtiyozlaridan foydalanib, “Ayollar daftari” doirasida belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilishni to‘la zimmasiga oladi. Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Yanayam soddaroq qilib aytganda, qo‘mita ayollar daftariga kiritilib, lekin ishi paysalga solib kelinayotgan opa-singillarimizni manfaatlarini har tomonlama himoya qiladi.

Gavharoy TUXTASINOVA,

O’zLiDeP Bektemir tuman Kengashi raisining

birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari,

xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    1039
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+