Ishchi guruh mirishkorlik tomorqachilar faoliyatini o‘rgandi

25.03.2022, 16:52

Ishchi guruh mirishkorlik tomorqachilar faoliyatini o‘rgandi

Qashqadaryoda bahor dastlab Mirishkor tumani kengliklaridan boshlanadi. Ilk boychechak ham shu qir-adirlarda bo‘y ko‘rsatadi. Bahor nasimlarini birinchi bo‘lib, shu yaylovlarda qo‘y boqib yurgan cho‘ponlar his qilishadi. Binobarin, bu yilgi seryog‘in va serfayz ko‘klam nafaqat mirishkorlik chorvadorlar balki fermeru dehqon xo‘jaliklari, tomorqachiyu, honadon sohiblari yuragida aks sado bermoqda: “ko‘klamning har oni g‘animat, hovlimizni o‘z qo‘limiz bilan bog‘u gulzorga aylantiramiz, tomorqamizga ertagi ekinlarni tez fursatlarda ekib yakunlaymiz, mahallamizda biror qarich bo‘sh yer qoldirmaymiz”.

Shunday ezgu tuyg‘ularni qalbida jo qilgan serg‘ayrat Mirishkor tumani ahli Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “Yashil yillik” umummiliy tadbirida faol ishtirok etishmoqda. Ularga hech kim “ko‘chaga chiq, bu yerni tozala, bu yerga ko‘chat ek” demaydi. Talab qilinayotgan yumush bu  - o‘z hovlisini gullatib qo‘ysa bas. Ammo tan olish kerak, bugungi kunda o‘z tomorqasidan mln-mln daromad olib, el e’tirofiga sazavor bo‘layotgan tomorqachilar bilan birga hovlisini ajriq, sho‘ra bosgan, ketmoni zanglab ketgan kishilar ham yo‘q emas.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov boshchiligida tuzilgan ishchi guruhi Mirishkor tumanidagi “Mirobod” MFY hududidagi tomorqachilar faoliyatini o‘rgandi.

Lutfulla Xudoyberdiyev tomorqasini misoli ko‘katlar “fabrikasi”ga qiyoslasak arziydi. Chunki bu tomorqadan qishin-yozin bozorga ko‘kat chiqib turadi. Xonadon sohibi qaysi ko‘katni qaysi vaqtda ekishni yaxshi biladi. Shuning uchun ham tomorqa bo‘sh turmaydi.

-Har kuni ro‘zg‘orimga pul kirib turadi, chunki har tong bozorga piyoz, sarimsoqpiyoz, shivit, shavil, redeska, petrushka kabi ko‘katlarni bog‘lab chiqaramiz, - deydi Lutfulla Xudoyberdiyev. - Mahsulotimiz yangi uzilgani uchun bozorda tez xaridorini topadi. Shundan bo‘lsa kerak, har yili kamida 25 mln so‘mdan ziyod daromad qilyapmiz.

-Ko‘kat yetishtiruvchilar ko‘p, ammo ular tarqoq, - dedi A. Haitov. –Ularni birlashtirish kerak. Mahsulotni uzish, saralash, bog‘lash  va qadoqlash texnolgiyalarini yaratish kerak. Ya’ni mahsulotning o‘z brindi bo‘lsin, shunda bunday mahsulotni bemalol supermarketlarga yoki qo‘shni hududlarga yuborish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun esa hududda “Tomorqa xizmati”ni yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

A. Xaitov 70 yoshni qarshilagan keksa tomorqachi Norxol momo Hamroyeva faoliyatiga ham yuksak baho berdi. Hovlida sarimsoqpiyoz barq urib o‘sib turibdi. Bir tomonda  piyoz, shivit, shavil, rediska bo‘lsa, mo‘‘jazgina issiqxona bodring ekish uchun tayyorlangan. Norxol momoning Navro‘z kunlari ochiladigan gullarini aytmaysizmi? Onaxonga turli rangda jilo sochadigan bu noyob gulni ko‘paytirish tavsiya etildi. A. Xaitov Norxol momo bilan suhbatlashar ekan, o‘zining qimmatli tavsiyalarini berdi. Ba’zi yoshlar onaxonning yashnab turgan hovlsini ko‘rib, o‘zlarining beparvoligidan uyalib qolishdi.

-Onaxon, siz qulupnoyni ayni pishiqchilik paytida chiqarar ekansiz, agar uni plyonka ostida yetishtirib, ayni shu kunlarda chiqarsangiz undan 2-3 baravar ko‘p daromad olasiz, daromadni qo‘ya turaylik, odam organizmi vitaminga tanqis bo‘lgan ko‘klam paytida hovlingizda qulupnoy pishsa, bu tanaga quvvat bo‘ladi, - dedi A. Xaitov.

Ishchi guruhi Norxol momoning yon qo‘shnisi Temir Xudoyberdiyev xonadonida parvarishlayotgan ko‘katlarni ko‘zdan kechirishdi. Surxondaryolik va vodiylik tajribali bog‘bonlar ham tomorqachilarga o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berishdi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek mazkur Mirobod MFYda tomorqasini qarovsiz qoldirgan kishilar ham bor ekan. Yodgor Qobilovning unumdor 3 sotix yeri bo‘sh turibdi. Ishchi guruhi a’zolari shu yerda uy egasi bilan kelishgan holda bodomzor bog‘ yaratishga kirishishdi. Bir zumda yerga ip tortilib, chuqurchalar kovlandi. Bog‘ning dastlabki ko‘chatini A. Xaitov va Mirishkor tumani hokimi Sh. Sanayevlar ekishdi. Bir zumda mo‘‘jazgina bog‘ bo‘y ko‘rsatdi.

Shu hududda yashovchi Umid Haqnazarov 1,5 gektar yerni olishga olibdiyu uni bo‘sh qoldiribdi. Tovuqxona qurish uchun boshlagan imorati ham chala qolgan. Ishchi guruhi Tuman hokimi Sherali Sanayevga U. Haqnazarovdan yerni qaytarib olish, yoshlarga bo‘lib berish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.

-Menga yana imkoniyat beringlar, albatta tez kunda  bu yerda bog‘ barpo qilaman, bir qismiga sabzavot ekinlari ekaman, - dedi U. Haqnazarov. –Parrandachilik majmuasini ham shu yil ishga tushiraman.

Shu kuni ishchi guruhi a’zolari tumandagi bir qator tomorqachilar faoliyatini o‘rganishdi. Qarovsiz qoldirilgan, yerga ishlov berilmagan xonadon egalariga ogohlantirish xati berildi. Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi “Qo‘shqanot” MFY  hududida yashovchi Sayfi Do‘lmonov, Eshtursun Xudoyberdiyev, Jalol Boboyev va Izzatilla Berdiyev kabi faol tomorqachilarga minnatdorchilik bildirilib, Ro‘zi Nazarov va Egamberdi Berdiyevlar tomorqasiga ertagi ekin ekishga ko‘maklashildi.

Eng muhimi, bahor seryog‘in kelgan yilda Qashqadaryo viloyatida tomorqalardan samarali foydalanish, aholiga daraxt ko‘chatlari hamda urug‘ yetkazib berishda  ishchi guruhi bilan birga Surxondaryo viloyatidan 200 nafar bog‘bon ertagi ekin va daraxt ko‘chatlari ekishda tomorqachilarga ko‘makdosh bo‘lishmoqda. Ular vohaga 25 ming tup turli mevali daraxt ko‘chatlari hamda sabzi, piyoz, pomidor, oshqovoq, bodring va boshqa urug‘larni bepul yetkazib berishdi.

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    376
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+