Koson tumani tomorqachilaridan ibrat olsa arziydi, ammo...

25.03.2022, 17:18

Koson tumani tomorqachilaridan ibrat olsa arziydi, ammo...

Tomorqasida mehnat qilib, million-million so‘mlab daromad olayotgan fuqarolar haqida eshitgansiz. Ularning ro‘zg‘ori to‘kin-sochin, o‘zi badavlat. Bu boyligu shon-sharaf tomorqachilik orqasidan kelmoqda deyishadi ular g‘ururlanib.  Ammo tan olish kerak, keng mo‘l tomorqasi bo‘la turib, “nochorman, ishsizman, kam ta’minlanganlar ro‘yxatidaman” deb arzi hol qiluvchilar ham ko‘plab topiladi. Ularga “tomorqangiz bor ekan, shu yerni gullatib qo‘ysangiz daromad ham, ish ham bo‘ladi-ku” desangiz, “suv yo‘q, yer sho‘r, mablag‘ yo‘q” deb bahona qilishadi. To‘rt muchasi sog‘, tog‘ni ursa talqon qila oladigan bunday yigitlarni ko‘rganimda kichkinagina jusssami bilan katta ishni boshlagan, tomorqasida bir qishloqni boqishga yetadigan mahsulot yetishtirgan Saodat Qulliyevani namuna qilib ko‘rsatgim keladi.

Koson tumanidagi “O’rta Obron” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Saodatxon Qullayeva 9 sotixlik issiqxonada yig‘ishtirib olingan bodring o‘rniga sabzi ekibdi. Kamida 10 tonna sabzi kovlab olishni mo‘ljallab turibdi.  Bu hali hammasi emas. Uning 16 sotix tomorqasi bor. Unda pomidor, sarimsoqpiyoz, bulg‘or qalampiri, qulupnoy va boshqa ekin parvarishlab, ichki bozorga chiqarmoqda.

 Tumandagi “Chorbog‘” MFY hududida yashavchi Iroda Boqiyevani olaylik. Bu ayol 80 sotix joyda kartoshka ekib, undirib olibdi. Ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. O’ziyam juda mehnatkash emasmi, biror qarich yer bo‘sh qolmabdi. Bunday fidoyi tomorqachilarni ko‘rganingizda otangizga rahmat deysiz, beixtiyor. Chunki ular tomorqadan daromad topish bilan birga elu yurt to‘kinchiligiga hissa qo‘shishmoqda, yashnab turgan bog‘-rog‘lari ekologik soflikni ta’minlashga xizmat qilyapti.

Gulchilikda katta shuhrat qozongan, nomi nafaqat viloyatga, mamlakatda ma’lumu mashhur Saodat Ergasheva haqida eshitgan chiqasiz. Chunki  9 sotix issiqxonasida yetishtirilayotgan gulning turi 200 xildan, soni esa 5000 tupdan ziyod. Gulchilikdan kelayotgan daromad esa 200 mln so‘mga yaqin. Issiqxonasiga kirsangiz xuddi gulchilik fabrikasida yurgandek his qilasiz o‘zingizni. Misoli kelin uyidek, bezatilgan gulxonadagi turfa xil tuvak gullar oromingizni o‘g‘irlaydi. Boshqa bir dunyoga tushib qolgandek his qilasiz o‘zingizni. Nazokatu nafasat ufirib turgan bu gullar nahotki ayol qo‘llari bilan yaratilgan bo‘lsa-ya, deb tasannolar aytasiz.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov rahbarligida Qashqadaryoda faoliyat olib borayotgan ishchi guruhi a’zolari viloyatda tomorqachilikni rivojlantirish, ertagi ekinlarni ekish, mevali bog‘-rog‘lar yaratish orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil yillik” umummilliy tadbirini joylarda bajarilishini o‘rganmoqda. A. Xaitov Saodat Ergasheva yaratgan go‘zallik va nafasat elchilari – gullarni kuzatar ekan, tomorqachining faoliyatini yanada kengaytirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishni, ehtiyojidan kelib chiqib, imtiyozli kredit ajratishga ko‘mak berishini aytdi. 

Koson tumanida 54527 ta xonadon mavjud bo‘lsa,  ularning qo‘lida 6725 gektar tomorqa yerlari bor. Agar shu tomorqa yerlaridan unumli foydalanilganida,  aholi daromadi yanada oshib, ishsizlik kamaygan va kambag‘allik anchagina qisqargan bo‘lar edi. Afsuski, tumandagi ayrim xonadonlarda Saodat Ergasheva kabi tomorqaisni gullatib qo‘ygani yo‘q. A. Xaitov rahbarligidagi ishchi guruhi xonadonma-xonadon yurib, qarovsiz qolgan, ishlov berilmagan, bir necha yillardan buyon hech narsa ekilmagan joylarni aniqlashdi. Shunday beparvo xonadon egalaridan 955 nafari ogohlantirildi. Joriy yilda Koson tumani tomorqalarida 772 gektar bog‘, shu jumladan 435 gektar uzumzor barpo qilishga kirishildi. 300 gektar tomorqada kartoshka yetishtirilsa, 1600 gektariga sabzavot urug‘lari sepiladi. 550 gektar dukkakli ekinlar parvarishlanadi.

 “Yashil yillik” umummilliy dasturi asosida tomorqalarda mahallabay tizimi asosida amalga oshirilayotgan bahorgi ishlar ishchi guruhi tomonidan monitoring qilinib borilmoqda.

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    559
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+