Investitsiya – iqtisodiyotimiz drayveri

25.03.2022, 17:56

Investitsiya – iqtisodiyotimiz drayveri

Keyingi besh yil davomida mamlakatimizda iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirish, dolzarb loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida faol investitsiyaviy siyosat olib borilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek,  “Qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi”.

       So‘nggi bir necha yil ichida O’zbekistonda jadal iqtisodiy o‘zgarishlar yuz beryapti va xalqaro hamjamiyat yurtimizni biznes va investitsiyalar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgan,  barcha sohalarda ochiqlik, yangilanishlar, yangicha ichki va tashqi siyosatda qat’iyatlilik yaqqol namoyon bo‘layotgan mamlakat sifatida e’tirof etmoqda.

Shu kunlarda poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi qatnashchilari ham respublikamizda investitsiyaviy siyosat borasida kechayotgan ijobiy o‘zgarishlarni alohida qayd etdilar.

Ushbu anjumanning yalpi majlisida davlatimiz rahbari ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. Prezidentimiz forum ishtirokchilarini qutlab, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar  hamda yurtimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini haqida so‘z yuritdi.

“Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, xorijiy valyutani konvertatsiya qilish, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi. Xalqaro hamjamiyat uchun ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O’zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratildi, yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi.

Fuqarolik jamiyatini barpo etish, so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, mehnat huquqlarini himoya qilish va inson kapitalini rivojlantirishda erishilgan muvaffaqiyatlar ham tilga olindi. Bojxona bojlarini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsion muhitni yaxshilashdagi natijalar ham sanab o‘tildi.

Izchil sa’y-harakatlar kutilgan ijobiy natijalarni beryapti.  Iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratshga imkon berdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldi. Jumladan, keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi.

Shu o‘rinda O’zLiDeP davlatimizning bu yo‘nalishdagi siyosatiga hamohang ish yuritayotganini qayd etish zarur. Dasturimizda qayd etilganidek, partiya    O’zbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiyaviy siyosat yuritilishi tarafdoridir. Ana shu maqsad yo‘lida partiya turli loyihalar, tadbirlarni tashkil qilmoqda. 

Muxtasar aytganda, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik harakatini keng quloch yoydirish, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijlik investorlar uchun o‘z yurtidagi sharoitlardan ham qulayroq imkoniyatlarni yaratib berish borasida juda katta ko‘lamdagi chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Albatta, bu islohotlardan maqsad, avvalo, xalqimiz farovonligini oshirish, “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga to‘la joriy etishdir.

Davom etayotgan xalqaro investitsiya forumi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

 Dilshod Shoumarov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    704
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+