Angorda ishga tushiriladigan issiqlik elektr stansiyasi 500 ming xonadonni nurga to‘ldiradi

25.03.2022, 17:58

Angorda ishga tushiriladigan issiqlik elektr stansiyasi 500 ming xonadonni nurga to‘ldiradi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Albatta, bu xushxabar butun surxondaryolik vohadaoshlarimizni quvontirdi. Chunki bu voha iqtisodi hamda energetikasida o‘zgarish hosil qila oladigan katta loyiha bo‘ldi.  Uning qiymati 1 milliard 200 million dollarga teng.

Loyiha Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “YeDF”, Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Mazkur IES 2024 yilning oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, ishga tushgach esa 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi. Bu yiliga 12 milliard kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, degani. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz ham tejaladi.

Mana shu raqamlarning o‘ziyoq uning qanchalik foydali ekanligini anglatib turibdi. Vaholanki, ushbu majmua  Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda yurtimizda barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi. Bu hududning cheksiz iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga katta imkoniyatlar yaratadi.

Masalan, Surxon vohasi neft, gaz, ko‘mir, qimmatbaho va rangli metallar, ko‘p turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega bo‘lsa-da, ular yetarli darajada o‘zlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda aynan bizning viloyatda 7 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada qancha ishsiz vohadoshlarimiz ish o‘rnini topadi.

Yangi barpo etiladigan IESning yana bir afzalligi shundaki, unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi vohadagi 500 ming xonadonni ham nurga to‘ldiradi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

To‘palang daryosidagi Zarchob-1, Zarchob-2 GYeSlarining ishga tushirilishi vohaning shimoliy hududidagi aholini elektr energiyasi bilan muntazam ta’minlashga imkoniyat yaratdi. Bu voqeaga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Endilikda qurilajak stansiya ham qishda elektr energiyasi taqchilligidan qiynaladigan ayrim hududlar aholisi uchun ayni muddao bo‘ladi.

Alisher Ro‘ziyev,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi,

viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    945
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+