Aholining turmush sharoiti yanada yaxshilanadi

28.03.2022, 11:11

Aholining turmush sharoiti yanada yaxshilanadi

Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya Forumi mamlakatimizning xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatidagi imidjini mustahkamlash hamda xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga imkon beruvchi platformaga aylanganligi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatimizda investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari o‘z ichiga qonuniylik, oshkoralik va ochiqlik, adolatlilik va investitsiya faoliyati sub’ektlarining tengligi, investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi kabi jihatlarni qamrab oladi. Shubhasiz, Respublikamiz va uning alohida hududlari iqtisodiyoti barqarorligi investitsiya siyosati bilan chambarchas bog‘langan. Ayni paytda bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, avvalo mavjud muammolarni aniqlash va ularni ochiqlashdan boshlanadi.

Ta’kidlash joiz, 2020 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekani ma’lum qilingandi. Chorak asrlik tariximizda O’zbekistonda, ayniqsa qishloqlarimizda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligini ko‘rib turib, ko‘rmaslikka olardik, muammolarni xaspo‘shlashga ko‘nikib qolgandik. Lekin bu bilan kam ta’minlangan aholining ahvoli yaxshilanib qolmagandi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha strategik loyihalar, tizimli ishlarni chetga surib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolgandik.

Gapning sirasini aytganda, mavjud muammolarni aniqlash va ularni hal qilish bo‘yicha tizimni ishlab chiqish, liberalizatsiya va bozor sharoitida iqtisodiyotni maqsadli boshqarishning shaffof mexanizmlarini yaratish zaruriyati tufayli roppa-rosa ikki yil avval Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Alohida vazirlik tashkil etilishi, jozibador investitsiya muhiti shakllantirilishi yoki yaqindagina poytaxtimiz mezbonlik qilgan xalqaro Forum o‘tkazilishi kabi kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan islohotlardan pirovard maqsad bitta — xalqimizning bugungidanda farovon va baxtli yashashini ta’minlash.

Biz, deputatlar ham Vatanimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga, odamlarimizning turmush sharoitini yaxshilashga, investitsiyaviy faoliyatni yanada erkinlashtirishga xizmat qiluvchi qonunchilikni takomillashtirishga doimo shaymiz.

Zafar XUDOYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    565
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+