Samarqandda Faxriylar Kengashining uchrashuvi o‘tkazildi

28.03.2022, 17:29

Samarqandda Faxriylar Kengashining uchrashuvi o‘tkazildi

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi qoshidagi viloyat Faxriylar Kengashining navbatdagi yig‘ilishida aynan mamlakatimizdagi Qonunlar, Prezident qaror va farmonlariga munosabatlarni shakllantirib borish hamda ularni ijtimoiy hayotga tatbiq etish, targ‘ibot qilishda partiya Faxriylar Kengashining faol ishtirok etishi va partiya oldida turgan ustuvor vazifalar  to‘g‘risida bo‘ldi.

Davra suhbatida so‘z olganlar so‘ngi yillarda nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator qarorlarning qabul qilinganligi esa bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning yanada jadallashayotganligi, nuroniylarimiz qadrlanayotganligi, shu bilan birga nuroniylarga ma’suliyat ham berilayotganligini qayd etishdi.

O’tgan davr mobaynida keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, sohaga oid 10 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi, nuroniylarning ijtimoiy faolliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Shuningdek, keksalar uchun 152 ta tuman va shaharda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash yo‘lga qo‘yildi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi, “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylandi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan qator imtiyozlar belgilab berildi.

Eng quvonarlisi 2022 yil 1 apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirilishi,  sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanishi, keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanishi va davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab berilishi yurtimizda olib borilayotgan islohatlarda inson qadrining yuksalayotganidan darakdir.

Tadbir yakunida Faxriylar Kengashi ushbu islohotlarni nuroniylarga yetkazishda bosh-qosh bo‘lishligi, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish borasida aniq vazifalarni belgilab olishdi.

 Jahongir Xo‘jamqulov,

 O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    289
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+