Sog‘lom aholiga ega davlatgina kuchli va qudratli bo‘ladi
30.03.2022, 17:01

Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishga, xalqimiz salomatligini asrashga kirishgani alohida e’tibor va e’tirofga loyiq. Zero, har bir inson umri mobaynida tibbiy xizmatga, shifokorlar yordamiga, albatta, ehtiyoj sezadi. Sog‘liqni saqlash tizimining jamiyatimizdagi ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun”, “Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak” degan ezgu tamoyillar, da’vatlar tibbiyotimizga ham izchil tatbiq etilyapti. Tub islohotlar tufayli qisqa davr ichida Yangi O’zbekiston tibbiyoti zimmasiga yuklangan vazifalarni to‘la bajara oladigan sohaga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, Prezidentimiz o‘z chiqishlarida bot-bot ta’kidlaganidek, erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi hayotiy zaruratlar va ularni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifa va imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Pirovard maqsad – barcha uchun sifatli va professional tibbiyotni yaratish.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan 18 mart kuni avval o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari ham muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini aprel oyida tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan hafta alohida farmoyish imzolanib, 7 ta yo‘nalishdagi 50 ta tadbir va ularning har biri uchun mas’ullar belgilanganini ta’kidladi.
“Xalqimizga aytgan hamma tashabbuslarimiz bo‘yicha qarorlar tez kunlarda qabul qilinadi. Lekin, amaliy ijroni bir kun ham kechiktirib bo‘lmaydi. Shuning uchun, bir oylik amaliy ish tizimiga o‘tamiz. Vazir, ixtisoslashgan markaz rahbarlari va hokimlar o‘zlarining oyma-oy rejasini ishlab chiqib, amalga oshiradi”, dedi davlatimiz rahbari. Aprel markazlar rahbarlari uchun chinakam sinov oyi bo‘lishi, masalaning mohiyatiga kirib, o‘z ish faoliyatini o‘zgartirmagan rahbarlarga qat’iy choralar ko‘rilishi ko‘rsatib o‘tildi.
“Ochiq muloqotdan keyingi o‘zgarishlarni nafaqat tibbiyot xodimlari, balki har bir xonadon sezishi shart”, deya ta’kidladi Prezident.
Davlatimiz rahbari bu borada qator vazifalarni belgilab berdi.
Demak, ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur sohada yana ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz beradi va bu yo‘nalishni yangi pog‘onaga olib chiqishga qaratilgan ishlarda partiyamiz ham faol ishtirok etadi. Zero, O’zLiDeP dasturida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida islohotlarni izchil davom ettirish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, sohada davlat-xususiy sherikligini yanada riovjlantirish ustuvor maqsadlar sirasidan o‘rin olgan.
Qayd etish zarurki, ijro va nazoratning davlatimiz rahbari belgilab bergan yangi tizimi birinchi navbatda tuman darajasida ishlashni nazarda tutadi. Shundan kelib chiqqan holda, O’zLiDePning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, mahalliy kengashlar deputatlari ochiq muloqotda ko‘rilgan masalalar yuzasidan qabul qilingan yetti yo‘nalishdagi chora-tadbirlar ijrosi borishini joylarda o‘rganib boradi, nazorat-tahlil faoliyatini tizimli tarzda amalga oshiradi.
Xulosa tariqasida shuni ta’kidlash kerakki, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasining “Inson qadri uchun” degan tamoyilga qurilgani sog‘liqni saqlash tizimining buguni va kelajagida ham o‘z ifodasini topmoqda. Davlatimiz rahbari aholi sog‘lig‘iga mamlakat qudrati va salohiyatining asosiy ko‘rsatkichi deb qaramoqda. Zero, faqat sog‘lom aholiga ega davlatgina kuchli va qudratli bo‘ladi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari,
O’zLiDeP fraksiyasi rahbari
O'xshash yangiliklar
-
Surxondaryo kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylanadi
14.03.2023, 16:00
-
“Mahalliy amaldorlar endi o‘qituvchini tekin xizmatkorga aylantirolmaydi” – G'ayrat Abdiyev
14.03.2023, 12:14
-
Xalq orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hujjat
13.03.2023, 14:48
-
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bekor qilinadi
10.03.2023, 10:30
-
Konstitutsion islohotlar
09.03.2023, 13:55
Fikringizni qoldiring