Davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi huquqiy hujjatlar ko‘rib chiqildi

31.03.2022, 16:46

Davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi huquqiy hujjatlar ko‘rib chiqildi

Bugun yurtimizda faoliyat yuritayotgan elektron hukumat tizimi ilg‘or axborot texnologiyalari tufayli aholi, biznes va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda qulayliklar yaratish, boshqaruvda adolatu shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaning oldini olishda eng yaxshi ko‘makchi bo‘lib kelmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham davlat boshqaruvi tizimini izchil isloh qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar qatorida “Elektron hukumat”ni takomillashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’ekti uchun davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Zero, Elektron hukumatning Idoralararo integratsiya platformasi takomillashtirilsa, davlat organlarining axborot tizimlari va xizmatlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi yanada jadallashadi. Bu esa o‘z navbatida, inson omilini kamaytirib, korrupsiyani yo‘qotishga, adolat va shaffoflikni ta’minlashga ko‘maklashadi.

O`zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi tomonidan “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etish” mavzusida davra suhbati ham ayni maqsadda o‘tkazildi.

Toshkent viloyati o‘tgan davra suhbatida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari Zafar Xudayberdiyev,  Shuhrat Sharofutdinov, O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparati Yig‘ma axborot-tahlil guruhi rahbari Gulnora Raximova, partiya viloyat va tuman (shahar) apparati mas’ul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etishdi.

Tadbirda davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, aholi, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) keng foydalanish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan mazkur huquqiy hujjatning qabul qilinishi bilan tobora bartaraf etiladigan korrupsiya ildiziga batamom bolta urilishi, aholi va tadbirkorlar uchun yuzaga kelgan imkoniyatlar borasida fikr yuritildi.

Qonunda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Vazirlar Mahkamasining, markazda va joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari, funksiyalari, shuningdek, fuqarolarning, jismoniy hamda yuridik shaxslarning ushbu sohadagi huquqlari belgilab berilgani qayd etildi. Bundan tashqari, “Elektron hukumat” faoliyatining tartibi, asosiy infratuzilma xususiyatlari belgilangani borasida batafsil to‘xtalindi.

Qonun kuchga kirishi bilan elektron hukumat faoliyatini tashkil etishning davlat organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi, da’vo qiluvchilarning elektron davlat xizmatlaridan teng foydalanishi, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi prinsiplarini mustahkamlangani ta’kidlandi.

Shuningdek, Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining 1-yo‘nalishi 7-12-maqsadlarini o‘zida ifoda etuvchi – Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish, Norma ijodkorligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha partiya Toshkent viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ibratli ishlar ham alohida e’tirof etildi.

Davra suhbati so‘nggida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etish yo‘nalishida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar borasida kelishib olindi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O`zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    558
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+