Davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi huquqiy hujjatlar ko‘rib chiqildi

31.03.2022, 17:35

Davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi huquqiy hujjatlar ko‘rib chiqildi

Bilasizmi, bo‘sh turgan bino juda ko‘p. “Bu bino kimniki” deb so‘rasangiz, “davlatniki” deb javob berishadi. Agar davlatniki bo‘lsa, bo‘sh turaverishi kerakmi? Axir bino bo‘sh turaversa, uning turgan bitgani zarar-ku! O’sha bo‘sh bina ham qachonlardir ishlab chiqarish korxonasi bo‘lgani, xalqimiz uchun xizmat qilgani aniq. Bugun esa qarovsiz va kimsasiz holda turibdi.

Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori orqali foydalanilmay turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bo‘sh binolarni shaffof holda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining, vazirlik, idora hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat aktivlarini boshqarish yo‘nalishidagi asosiy vazifalaridan biri etib, bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli bo‘lmagan aktivlarni aniqlash bo‘yicha xatlov ishlarini muttasil amalga oshirish va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘rish belgilandi.

Qarorda mahallalardagi hokim yordamchilari zimmasiga ham bu borada mas’uliyatli vazifa yuklandi. Ular o‘z hududlarida bo‘sh turgan binova yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun buyurtma berish imkoniyati yaratildi. Xususan, qarorda belgilanganidek,  2022 yil 1 apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari tomonidan o‘z hududlarida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti yoki yer uchastkalari hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti aniqlanganda hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.

Qarordagi yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan ob’ekt, (ijtimoiy ob’ektlar bundan mustasno) Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishda qarorning ahamiyati juda katta.

Mamlakatimizda harakatlar strategiyasidan yuksalishlar strategiyasiga qadam qo‘yayotgan ekanmiz, iqtisodiyotning biror-bir bo‘g‘ini e’tibordan chetda qolishi mumkin emas. Zotan, mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    174
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+