Yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi

04.04.2022, 12:59

Yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi

Keksa avlod vakillari yaxshi eslashadi, bir paytlar nafaqat mahallalarda hatto tuman markazlarida ham tayinli sport majmuasi yoki o‘yingoh topish amri mahol edi. Hatto, sport bilan muntazam shug‘ullanish istagida bo‘lganlar sport anjomlari topishga qiynalishardi.   

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami anchagina salmoqli. Endilikda, mamlakatimizda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydoni, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etildi.

Taraqqiyot strategiyamizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini keyingi besh yilda 33 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. 

 O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 fevraldagi farmon va qaroriga binoan, Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan edi. Uning eng muhim vazifalaridan biri bolalar va yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirishdir.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan va yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi rejalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.

Mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, loyihalar qiymatini maqbullashtirib, maydonchalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki bo‘yicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari bilan mahalla yoshlari o‘rtasida motivatsion uchrashuvlar o‘tkazish muhimligi aytildi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini bajarish, albatta, maslakdoshlarimizga ham juda katta mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, bu borada joylardagi partiya tashkilotlarida o‘ziga xos tajriba ham mavjud. Birgina Jizzax viloyat misolida oladigan bo‘lsak, O’zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostidagi musobaqalarda nafaqat deputatlar, partiya faollari, balki keng jamoatchilik vakillari, ayniqsa, uyushmagan yoshlar ham jalb qilinmoqda.

 Ayni paytda mahallalarda faoliyat olib borayotgan Yoshlar yetakchilari bilan birgalikda bu boradagi ishlarni yanada faollashtirish, aholini, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish borasida qator chora-tadbirlar belgilab olingan. O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi “Yoshlar qanoti” faollari hisoblangan taniqli sportchilar – Boks bo‘yicha O’zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Bobousmon Boturov, yengil atletika bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi Yoqutxon Xolbekova va boshqalar bu borada yaqindan ko‘makchi bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim.

Sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish,  joylarda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish partiyamiz Saylovoldi platformasidan o‘rin olgan, bebaho boyligimiz bo‘lgan aholi salomatligini mustahkamlashda alohida o‘rin tutadi.

Xolbek ASATOV,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Yoshlar va biznes tuzilmalari

bilan ishlash bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    943
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+