Veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlanadi

06.04.2022, 14:32

Veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlanadi

Hech e’tibor qaratganmisiz, hududlarda veterinariya va chorvachilik sohasi uchun malakali kadrlar zahirasi nihoyatda kam. Lekin bunday kadrlarga ehtiyoj doim yuqori bo‘lgan. Chunki go‘sht va sut mahsulotlariga talab katta va uni yetishtirish uchun chorva mollari zotini va sonini ko‘paytirish talab etiladi.

Savol tug‘ilishi mumkin, bu soha uchun yetuk kadrlarni qaysi oliygohlar tayyorlaydi? Umuman bu sohada kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratilyaptimi? Shu yilning 31 mart kuni Prezidentimizning “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va bu qaror tom ma’noda sohani izchil rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasizdir.

Bu qaror asosida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tashkil etildi.  Bu universitetning asosiy vazifasi veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 Bu qarorning yana bir e’tiborli jihati haqida aytadigan bo‘lsam, veterinariya sohasida ta’lim jarayonlarining bevosita amaliyot bilan uyg‘unlikda tashkil etilishini, ilm-fan va texnologiyalar integratsiyasini ta’minlash maqsadida Universitet huzurida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki tashkil etish belgilandi. Texnopark tarkibida veterinariya laboratoriya-diagnostika va profilaktika-davolash klinikasi, sun’iy urug‘lantirish va naslchilik-seleksiya markazi, chorvachilik ho‘jaliklari va aholi xonadonida parvarishlanayotgan hayvonlar uchun ozuqa yetishtirish, jamg‘arish va tayyorlash bo‘yicha ularga amaliy yordam ko‘rsatadigan maslahat markazi yo‘lga qo‘yilishi soha rivoji uchun muhim yangilik hisoblanadi.

Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti» Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023 o‘quv yilidan bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha «Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi» ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.  Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qamashi xizmat ko‘rsatish texnikumi negizida Universitetning Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumi tashkil etiladi. Universitet Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Men aminmanki, barcha sohalar qatori chorvachilik hamda veterinariya sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani yurtimizga to‘kinlik va qut-baraka olib keladi. Qut-barakali yurtda esa taraqqiyot bo‘ladi.

  Barno MIRZAMOVA,

  Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    646
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+