Ta’limi rivojlangan yurt qudratli bo‘ladi

07.04.2022, 15:52

Ta’limi rivojlangan yurt qudratli bo‘ladi

Mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va g‘oyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir bo‘lgan, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifasidir.

Shu bois, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, ta’lim tizimiga yuqori samarali xalqaro amaliyotni joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida o‘qituvchilarning ish haqi oshirildi, uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi, ularga qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Bu o‘z navbatida, olis hududlarda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilayotir.

Albatta, sohada olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik. Lekin sohada erishilgan natijalar bilan birga o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar ham bor. Bu bugungi muammolar emas, yillar davomida to‘planib qolgan o‘z yechimini kutayotgan masalalardir.

Prezidentimiz raisligida shu yil 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada muhim vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda ushbu sohada uchrayotgan muammolar aniq misollar asosida tilga olindi. Xususan, maktablarni kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketmoqda.

Haqiqatdan ham, bugun respublikamizdagi barcha maktablarda ta’lim sifati qoniqarli ahvolda deb bo‘lmaydi. Hududlardagi uchrashuvlarimiz davomida bunga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Agar ta’lim qayerda ulug‘lansa, o‘sha yerda rivojlanish bo‘ladi, ta’lim sifati o‘zgaradi, yoshlar yuqori bilim va malakaga ega, raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishadi.

Xulosa qilib aytganda, yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarni eshitib O’zbekistonda ta’lim sohasida katta o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonch hosil qildim. Shunday ekan, bu jarayonda hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda faol va tashabbuskor bo‘lishimiz lozim. Zero, ta’limi rivojlangan yurt qudratli bo‘ladi.

G’ayrat ABDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

  • Ko'rildi
    395
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+