Ishchi guruh faoliyati: O’ninchi maqsadning mazmun-mohiyati

14.04.2022, 14:32

Ishchi guruh faoliyati: O’ninchi maqsadning mazmun-mohiyati

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan “Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbatida shu haqda atroflicha so‘z yuritildi.

“2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”dagi barcha yo‘nalishlarning “Inson qadri uchun” degan yagona oqimda birlashtirilgani belgilangan maqsadlarga yetishda muvaffaqiyatning muhim omili sifatida xizmat qilayotgani bugun hech kimga sir emas.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisida ham bu jihat alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida O‘zLiDePning aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy kengash deputatlari, partiya xodimlaridan iborat 21 ta ishchi guruh tuzilgan. Tilga olingan tadbir ham ana shunday guruhlardan birining ochiq muloqotidir.

Parlament quyi palatasidagi partiyamiz fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev Taraqqiyot strategiyasining o‘ninchi maqsadi mazmun-mohiyati haqida fikr bildirar ekan, O’zbekiston Res publikasining “Davlat fuqarolikxizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nazarda tutilayotgan masalalarga atroflicha to‘xtaldi. Uning ma’lum qilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uch o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgan hujjatning maqsadi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiya ti vakillik organlari deputatlari, sudyalarga tadbiq etilmaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa, davlat xavfsizligi organlarida yoki diplomatik tuzilmalarda xizmat o‘tayotgan davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Davlat organlariga ishlashga taklif etilgan xorijiy mutaxassislarning huquqiy maqomi kontrakt asosida belgilanadi.

Mazkur qonunda davlat fuqarolik xizmati deyilganda davlat organlari va tashkilotlarida ommaviy manfaatlar yo‘lida O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining haq to‘lanadigan kasbiy faoliyati tushunilishi, davlat fuqarolik xizmatining Davlat lavozimlari reyestri  deyilganda esa O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozimlar ro‘yxati anglashilishiga ma’ruzachi jiddiy e’tibor qaratdi. Chunki ayni shu atamalar boshqalarga nisbatan ko‘proq qo‘llanilgan.

Davlat fuqarolik xizmatining asosiy tamoyillaridan xalqqa xizmat qilish, qonuniylik, jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ustuvorligi, professionallik va layoqatlilik, vijdoniylik va batartiblik kabi sifatlar o‘rin olgan.

Xo‘sh, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi qanday bo‘ladi? Bu jarayon fuqaro davlat lavozimiga tayinlangan paytdan boshlab vujudga keladigan huquq, majburiyat va javobgarliklar, shuningdek, ularning davlat fuqarolik xizmatini o‘tashi bilan bog‘liq cheklovlar tizimidan iboratdir.

Davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyat sohasidan hamda egallagan lavozimidan qat’i nazar, davlat fuqarolik xizmatchisining yagona huquqiy maqomi ta’minlanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi majburiyatlari sirasiga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda ham, xizmatdan tashqari munosabatlarda ham manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xolis va beg‘araz bo‘lish, millat va elatlarning tili, urf-odatiga hurmat ko‘rsatish, davlat fuqarolik xizmatining nufuzini tushirishga olib keluvchi har qanday harakatlardan tiyilish, har yili o‘zining, shuningdek, oila a’zolarining daromadlari, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim qilish, davlat fuqarolik xizmatchisining psixologik portretini tuzish maqsadida psixodiagnostik ko‘rikdan o‘tish singari ko‘plab masalalar kiradi.

Qonunda davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar ham o‘rnatilyapti. Masalan, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikdagi shaxslar bilan bevosita bo‘ysunishidagi lavozimni egallashga haqli emas. Faqatgina pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyat bundan mustasno. Davlat xizmatchilari shaxsan yoki ishonchli vakillar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi, tijorat tashkiloti boshqaruvi organi a’zosi bo‘lishi, davlat organi nazorati ostidagi tuzilmalarda ulushlar, paylar va aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vakillar orqali sotib olishi ta’qiqlanmoqda.

Davra suhbatida onlayn aloqa tarzida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan qatnashgan partiya faollari, birinchi navbatda, tashabbuskor yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan aniq javoblar olishdi.

  • Ko'rildi
    446
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+