O‘zLiDeP deputatlari: Maktabda, mahallada, yo‘lda...

14.04.2022, 14:39

O‘zLiDeP deputatlari: Maktabda, mahallada, yo‘lda...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasi a’zolari Navro‘z Rizayev va G’ayrat Abdiyevlar o‘z saylov okruglaridagi uchrashuvlarini maktablar holati, darslar sifati, muallimlar muammolarini o‘rganishdan boshlashadi. Bu an’ana har safar davom etmoqda. Hukumatga chiqarilgan deputat so‘rovining ijobiy natijasi o‘laroq, Urgutning Chag‘izmon qishlog‘idagi 4-maktabga 360 o‘rinli qo‘shimcha bino qurishga kirishilgani ham shundan.

Urgut tumanidagi yana bir ta’lim muassasasi – ming o‘rinli 81-maktab uzoq yillar ta’mirtalab bo‘lib turdi. Noiblarning Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani tufayli bu yerda ham kapital ta’mirlash ishlari boshlandi.

Prezidentimizning xalq ta’limi sohasidagi islohotlarning natijadorligiga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan fikrlar, g‘oya va tashabbuslar, belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar olib borish ham deputatlarning doimiy e’tiborida. Endigi navbat darslar sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Deputatlar 154-umumta’lim maktabida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va ularning muvaffaqiyati, davlatimiz rahbarining bu borada e’lon qilgan navbatdagi farmonida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan pedagoglar bilan ochiq muloqot ham o‘tkazishdi. Unda qayd etilganidek, o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish, maktab darsliklarini yangilash dasturini amalga oshirish uchun davlat budjetidan 605 milliard so‘m ajratilishi, 141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilishi hamda ularning soni 2026 yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazilishi yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir.

Fraksiya a’zolarining mavjud muammolar yuzasidan muntazam bong urib turishi boshqa yo‘nalishlarda ham ijobiy samaralar bermoqda. Xususan, Urgutni Samarqand shahri bilan bog‘laydigan asosiy yo‘llardan birining 9 kilometri ta’mirlangani fikrimiz dalilidir. Hozir Birlik mahallasi tugashidan Mirzaqishloq mahallasiga kirish qismigacha bo‘lgan yo‘llarga qum-shag‘al to‘kilib, tekislash-bostirish ishlari davom etmoqda.

Urgut tumanidagi G’o‘s va uning yonidagi qishloqlarda yashovchi 50 mingdan ortiq aholi uchun birorta bankomat yo‘qligi, odamlar naqd pul uchun tuman markaziga borishga majbur bo‘layotganligi deputatlarni bezovta qildi. Saylovchilar ham bu boradagi ovoragarchiliklarga chek qo‘yishga ko‘maklashishni so‘rab deputatlarga murojaat qilishdi. O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan

O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi nomiga yo‘llangan so‘rov tufayli G’o‘s qishlog‘i markaziga bankomat o‘rnatildi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    301
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+