Tadbirkorlarimizga yanada ko‘proq yengillik, imkoniyat va erkinliklar berilmoqda
14.04.2022, 14:43

Shu kunlarda mamlakatimizdagi tadbirkorlar ko‘tarinki kayfiyatda ishlayapti, ularning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shildi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimizning 8 aprel kuni e’lon qilingan “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmoni ishbilarmonlar, umuman, hammamizni ruhlantirib yubordi. Mazkur hujjat kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash haqiqatan ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini yana bir bora yaqqol namoyon etdi. Har bir fuqaro boy bo‘lsa – davlat boy bo‘ladi, har bir oila farovon bo‘lsa – mamlakat farovon bo‘ladi, degan tamoyid mazkur siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri.
Farmonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xususiy sektorning rolini oshirish, barcha tarmoq va sohalarda xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning bir qancha asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash borasidagi institutsional va ma’muriy islohotlar davom ettiriladi hamda bu borada qonun ustuvorligi ta’minlanadi. Davlat ishtiroki saqlanib qolayotgan tovar va xizmatlar bozori erkinlashtiriladi hamda ushbu sohalarga xususiy sektorning kirib kelishi uchun sharoit yaratiladi. Energiya resurslari, transport va kommunikatsiya bozorlari rivojlantiriladi va sohaga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun sharoitlar yaratiladi.
Shuning barobarida xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirish hamda davlat aktivlarini sotib olgan investorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish nazarda tutilyapti.
Qisqasi, farmonda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga to‘laqonli o‘tishni jadallashtirish, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan aniq, ko‘lamdor va samarali vazifalar, chora-tadbirlar bayon qilingan. Boshqacha ifodalaganda, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, partiyamiz dasturidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan talay maqsadlar o‘rin olgan. Shundan kelib chiqib, O’zLiDeP farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib boradi, ularni amalga oshirishga partiyaviy vositalar bilan ko‘maklashadi.
Muxtasar aytganda, tadbirkorlarimizga misli ko‘rilmagan yengillik, imkoniyat va erkinliklar berilmoqda. Buning samarasida yaqin istiqbolda xalqimizning yaratuvchilik, bunyodkorlik salohiyati to‘la ro‘yobga chiqadi. Yangi O’zbekiston tadbirkorlik orqali o‘zi va oilasi farovonligini ta’minlashga intiladigan, Vatani va xalqiga sidqidildan xizmat qilishni istaydigan barcha fuqarolar uchun keng imkoniyatlar mamlakatiga aylanadi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O’zLiDeP fraksiyasi rahbari,
Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.
O'xshash yangiliklar
-
Konstitutsiyaviy islohotlar partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi
24.03.2023, 12:08
-
Surxondaryo sanoati rivojlangan osuda va obod hududga aylanadi
14.03.2023, 16:06
-
O‘zbekiston Prezidenti Qo‘shilmaslik harakati sammitida xalqaro ahamiyatga molik bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi
03.03.2023, 18:19
-
Qashqadaryo ulkan o‘zgarishlar arafasida
25.02.2023, 17:25
-
O‘zbekiston – Misr hamkorligida yangi davr boshlanmoqda
22.02.2023, 18:38
Fikringizni qoldiring