Investitsiya – iqtisodiyotning yuragi: Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidan keyingi o‘ylar

14.04.2022, 14:45

Investitsiya – iqtisodiyotning yuragi: Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidan keyingi o‘ylar

Investitsiya faoliyatini rivojlantirish va chuqurlashtirish islohotlar strategiyasining muhim sharti bo‘lib, u iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarning amalga oshirilishi, eksport imkoniyatlarining kengaytirilishi, xalqaro iqtisodiy munosabatlar rivojlanishini ta’minlab beradi.

Keyingi davrda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda investitsion hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda, rivojlanmoqda. O’z navbatida bunday hamkorlik umumjahon va milliy muammolarni hal qilishga xizmat qiladi.

Ma’lumki, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish har bir mamlakatning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi. Bu iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni rivojlantirishni ta’minlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Albatta – barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, aholi turmush darajasini yaxshilashda xorijiy investitsiyalarning roli katta.

Mamlakatimizda bugungi kunda chet ellik sarmoyadorlar uchun qulay investitsiya muhiti paydo bo‘ldi va bu o‘z samarasini beryapti ham. Ularni jalb qilish bir tomondan yangi texnologiyalarni boshqarish tajribasi va mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlasa, boshqa tomondan respublikaning boy resurslari va ishlab chiqarish imkoniyatlarining jahon xo‘jaligiga qo‘shilishi hisobiga umumjahon iqtisodiy imkoniyatlarini kuchaytiradi.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida davlatimiz rahbari keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Ta’kidlandiki, Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O’zbekiston zamini qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgan. Ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimiz uzoq davr mobaynida savdo, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak ravnaq topgan markazlardan biri sifatida xizmat qilgan.

Bu qadim an’analarning uzviy davomi sifatida “Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni jadal davom ettirish ishlari izchil olib borilmoqda. Xususan, 2017 yilda bu borada katta qadam tashlandi – xorijiy valyuta konvertatsiyasi, investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bo‘yicha cheklovlar bekor bo‘ldi. Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta xalqaro reytinglarga sazovor bo‘lib, jahon moliya bozorlariga yo‘l ochildi. Xalqaro hamjamiyat uchun ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O’zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratildi, yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartib joriy etildi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatimiz mintaqadagi eng ochiq davlat sifatida tan olindi.

Shuningdek, mazkur nufuzli forumda Prezidentimiz fuqarolik jamiyatini barpo etish, so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, mehnat huquqlarini himoya qilish va inson kapitalini rivojlantirishda erishilgan muvaffaqiyatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, so‘nggi besh yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, 200 ga yaqin yangi maktab barpo etildi, 3 mingdan ko‘proq mavjud ta’lim maskanlari rekonstruksiya qilinib, to‘liq jihozlandi. Tasavvur etish qiyin baribir,  juda qisqa davr ichida 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliy o‘quv yurti tashkil etilib, OTMlarning umumiy soni 159 taga yetdi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oldingi 9 foizdan 28 foizgacha yetkazishga erishildi. Bularning barchasi mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar tayyorlash, yosh avlodning yorqin kelajagiga mustahkam poydevor o‘rnatishga xizmat qilishi shubhasiz.

Iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, soliq yukini yengillashtirish, bojxona bojlarini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsion muhitni yaxshilashdagi natijalar ham sanab o‘tildi.

Bugungi kunda aksariyat jabhalarga xorij investitsiyasini kiritish hamda iqtisodiyotning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rni ochilishiga zamin yaratdi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlatda faol investitsiya siyosati bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan bo‘ladi. Shu sababli ham investitsiya bu – iqtisodiyotning yuragidir.

Haqiqatan ham, iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etishga erishish ko‘plab sohalar, tarmoqlar hamda hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishi va tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga ulkan poydevor vazifasini o‘taydi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldi. Bugun shular asosida mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash choralarini izchil davom ettirish, ixcham va yuqori natijador, biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat boshqarish tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, investorlar huquqlari himoyasini ta’minlash borasida amaliy harakatlar bosh lab yuborilgan. Yurtimizda investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlarning qat’iy davom ettirilishiga bejiz alohida urg‘u berilmadi.

Umuman olganda, islohotlar natijasida keyingi yillarda yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgani kishini quvontiradi. E’tiborli jihati, O’zbekistonning 2030 yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishish maqsad qilib qo‘yildi.

Sir emas, investorlar, korxonalar, tashkilotlar tomonidan mamlakatga ulkan investitsiya loyihalarining kiritilishi natijasida yurtimizda ko‘plab yangi ish o‘rinlari vujudga keladi. Shu bilan birga, zamonaviy bilimlarni o‘rganish imkoniyati, umuman, intellektual salohiyatni yanada oshirish uchun yetarli darajada sharoit yaratiladi. O’z o‘rnida, bunday imkoniyatlar xalq farovonligi, mamlakat taraqqiyot garovi hisoblanadi.

Toshkent xalqaro  investitsiya forumi doirasidagi ayrim raqamlarga e’tibor qarataylik: 56 mamlakatdan qatnashgan 2 mingdan ortiq ishtirokchi tashabbuslar, ilg‘or g‘oyalar va muzokaralar maydoniga yig‘ildi. Yakuniy natijalar chakkimas - umumiy qiymati 7 milliard 833 million dollarlik 164 shartnoma imzolandi. Kelishuvlarning 97 tasi investitsiyaviy, 67 tasi esa savdo bitimi. Shuningdek, qiymati 3,5 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Aytish mumkinki, forum g‘oyat muvaffaqiyatli yakunlandi va xorijiy investitsiyalarni jalb etishni yanada takomillashtirish, xorijiy sarmoyani jalb qilish bilan  bog‘liq ayrim muammolarni bartaraf etish, xorijiy investitsiyalar hajmini ko‘paytirish hamda ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish sari katta qadamlar tashlanyapti.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, faol investitsiya siyosatini yuritgan davlatlar har doim o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erisholgan. Chunki investitsiya — bu iqtisodiyot drayveridir. Investitsiyalarni faol jalb qilgan holda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga erishamiz.

Xulosa shuki, forum o‘zini xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda rivojlantirish uchun keng ko‘lamli muloqot platformasi sifatida namoyish etib, mamlakatlararo va mintaqalararo investitsiyaviy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning kuchli katalizatoriga aylandi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor.

  • Ko'rildi
    1148
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+