O’zbekiston mintaqaviy IT markazga aylanishi lozim

18.04.2022, 15:49

O’zbekiston mintaqaviy IT markazga aylanishi lozim

Tan olish kerak, bugun axborot texnologiyalari ishtirok etmagan biror-bir soha qolmadi. Chunki axborot texnologiyalari tezkorlik, aniqlik va zamonaviylik nuqtai nazaridan barcha sohalar rivoji uchun qulayliklar yaratmoqda. Aytish joizki, bugun mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar, import-eksport operatsiyalari hamda tovar ayirboshlash, mahsulotni tanlash, yetkazish yoki bozorni o‘rganish deysizmi, xullas axborot texnologiyalari aralashmasdan birorta yumushni uddalab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham mamlakatimizda bu soha rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu masalalar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasining Raqamli iqtisodiyotni "drayver" sohaga aylantirish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosida ham o‘rin olgan. Bu borada O'zLiDeP vakillari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlardan tarkib topgan ishchi guruh a’zolari Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlar va vazifalarning ijro etilishi holatini o‘rganmoqda. O’rganishlar davomida sohaga aloqador vazirlik va uning hududiy boshqarmalarining hisobotlarini deputatlik guruhlari yig‘ilishlarida muntazam eshitib borilmoqda, hududlarda chiqqan holda o‘rganishlar olib borilmoqda.

Shu yilning 14 aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida axborot texnologiyalari sohasidagi natijalar va joriy yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilish ham aynan ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar tahliliga e’tibor qaratildi. Unda so‘nggi yillarda bu sohada  infratuzilmani yaxshilash, malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha xizmatlar sifati va ko‘lami sezilarli oshgani ta’kidlab o‘tildi. Xususan, aholi maskanlarini mobil internet bilan qamrab olish darajasi 2017 yilda 30 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 96 foizni tashkil etmoqda. Yoki 2017 yilda sohadagi eksport hajmi bor-yo‘g‘i 600 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 46 million dollarga, joriy yilning birinchi choragida esa 16 million dollarga yetgani alohida e’tirof etildi. IT-parklarda 11 ming nafardan ziyod yoshlar ishlayotgani, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qib chiqqan yoshlar soha kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.Ammo bu yutuqlar barobarida sohada hali sohada foydalanilmayotgan imkoniyatlar ham juda ko‘p. Aytaylik, hududlarda optik tolali internet qamrovi va tezligi bugungi talabga javob bermaydi. Magistral avtomobil yo‘llarining atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Sohaning rivojlanish holati hududlar kesimida bir maromda emas – IT xizmatlarning 90 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda bu boradagi ko‘rsatkichlar juda past.

Davlatimiz rahbari bu haqda aytar ekan, endilikda barcha tarmoq va hududlarda raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, IT xizmatlarni 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish maqsadi belgilanganini alohida eslatib o‘tdi. Buning uchun O’zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish kerakligini ta’kidladi.

Bu haqda fikr yuritganda, shuni aytish joizki, IT-parklarga ko‘proq kompaniyalarni jalb qilish, masofaviy xizmatlar markazlari tashkil etish  orqali yana 5 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ishga jalb qilish imkoniyati mavjud. Buning uchun “Raqamli O’zbekiston – 2030” dasturidagi loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish talab etiladi. Bu borada joriy yil yakuniga qadar 404 ta hududiy va 133 ta tarmoq loyihasi ishga tushirilishi lozim.

Yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yana 70 ta xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kiritish topshirildi. Bu esa portaldagi xizmat turlari soni 376 taga yetkazilishidan dalolat beradi. Aytmoqchimanki, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirilsa, albatta, bu sohada biz yanada yuksak natijalarni qo‘lga kiritamiz. Darhaqiqat, bugun dunyo bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz axborot texnologiyalari bilan chambarchas bog‘liq ekan, bu sohani barqaror rivojlantirish orqali taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yamiz.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    315
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+