Deputat yordamchisi: milliy va xorijiy tajriba

19.04.2022, 15:45

Deputat yordamchisi: milliy va xorijiy tajriba

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik paltasidagi partiya fraksiyasi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasidagi Parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha BMT o‘quv markazi hamkorligida “Deputat yordamchisi: xorijiy va milliy tajriba” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Tadbirni Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi: faoliyati va uning asosiy yo‘nalishlari” mavzusidagi ma’ruza bilan ochib berdi. Unda milliy parlamentimiz rivojlanishining tarixi, bugungi kuni va parlamentning rolini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berildi.

Parlament quyi palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Z.Xudayberdiyev “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining huquq va majburiyatlari hamda faoliyat yo‘nalishlari” mavzusida ma’ruza qilib, deputatlik faoliyatining o‘ziga xos jihatlari haqida axborot berdi. Shuningdek, Daniya mamlakati parlamenti misolida parlament deputati faoliyatining samaradorligini oshirishda deputat yordamchilarining tutgan o‘rni va faoliyatining o‘ziga xos jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari N.Alimov “Deputat yordamchisining maqomi, huquq va majburiyatlari, partiya va deputat bilan o‘zaro aloqalari” mavzusidagi ma’ruza bilan qatnashib, deputat yordamchisining “deputat-partiya-parlament” tizimli munosabatlaridagi aniq vazifa hamda yo‘nalishlari xususida to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, deputat yordamchilarining ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, deputat faoliyatini yoritishda zamonaviy PR texnologiyalarni qo‘llashi zarurligi xaqida tavsiyalar berdi.

BMT o‘quv markazi rahbari G’.Mahammadjonov “Deputat yordamchisi: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi taqdimotida qiziqarli misollar bilan tinglovchilarni xorijiy va milliy tajriba bilan tanishtirib o‘tdi. Xususan, aksariyat Yevropa mamlakatlari parlamentlarida deputat yordamchilariga qo‘yilgan talablar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha qizg‘in savol javoblar bo‘lib, sohani takomillashtirish masalalari bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

  • Ko'rildi
    331
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+