Ishchi guruhlari harakatda: Raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver”ga aylanadi

21.04.2022, 13:00

Ishchi guruhlari harakatda: Raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver”ga aylanadi

Vaqtchalik to‘xtovsiz jarayon bo‘lmasa kerak. Ortga qaytarish imkonsiz ushbu hodisani. Istasak-istamasak soat millari tinimsiz aylanaveradi. Yurak urishi singari soniyalar daqiqalarning, sutkalarning o‘tmish tarkibiga o‘tishiga harakat qilaveradi. Balki shuning uchun hayot harakatdan iborat, degandir avvalgi donishmandlar.

Mana, orzu-umidlar bilan qadam qo‘yganimiz joriy yilning 111 kuni tarix sahifasiga kirib ulgurdi. Bu esa dastlabki sarhisob pallasi kelganiga, g‘alvirni sekin tortib ko‘radigan paytligiga ishora. Modomiki, biz ham jurnalistik yondashuv orqali olingan natijalarni tahlil qilishda davom etamiz.

Zukko o‘quvchilarga ayon bo‘lganidek, gazetaning har bir sonida “Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi va uni Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlatdasturi”da belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlarining faoliyatini yoritib borayapmiz. Jumladan, o‘tgan sonda o‘ninchi maqsadning mazmun-mohiyati, bunda partiya deputatlik korpusi amalga oshirayotgan yumushlar ochib berilgandi.

Bugun esa “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash” yo‘nalishida qilinayotgan ishlar ustidan jamoatchilik nazorati qay darajada yo‘lga qo‘yilayotgani to‘g‘risida aniq bir misol doirasida fikr yuritamiz.

 Yangi O’zbekiston – raqamli va axborot jamiyatiga ega mamlakat

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi platformasida ayni shu nomda alohida bo‘lim mavjud. Unda hozirgi sharoitda tezkor axborotlar strategik omilga aylangani e’tirof etilib, mamlakat rivoji va iqtisodiyot raqobatbardoshligini ta’minlashda zamonaviy kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarning barcha jabhalardagi muhim o‘rniga e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Raqamli O’zbekiston – 2030” das turini joriy etish, “katta ma’lumotlar” (“Big data”), “blokcheyn”, “aqlli shahar”, “xavfsiz shahar”, “internet buyumlar” tizimlariga bosqichma-bosqich o‘tish ustuvor vazifa sifatida qo‘yilgan. Aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o‘rtasida o‘zaro samarali muloqotni shakllantirish, ortiqcha sansalorlik va buyruqbozlikning oldini olishga qaratilgan “Elektron hukumat” konsepsiyasini izchil amalga oshirishning ahamiyati ko‘rsatilgan.

Taraqqiyot strategiyasining 25-maqsadida esa raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirishga qaratilgan ishlarni olib borish masalasi o‘z aksini topgan. O‘zLiDePda tuzilgan 21 ta ishchi guruhining bittasi ayni shu masalaga mas’ul etib belgilangan. Guruh a’zolari qo‘yilgan vazifaning monitoringini to‘laqonli yuritish uchun har oyda atroflicha o‘rganishlar o‘tkazishyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Sharafutdinov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparati Ijtimoiy tarmoqlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash sektori mudiri Sharaf Azbergenov tomonidan yo‘nalishlar kesimida olib borilayotgan tahlillar o‘z samarasini bera boshladi. Inchunun, raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish orqali barcha aholi maskanlarini va ijtimoiy ob’ektlarni, magistral avtomobil yo‘llarini keng polosali ulanish tarmoqlari bilan qamrab olish bir yoki ikki kunda bo‘ladigan ish emas. Uzoq davom etadigan jarayon esa jiddiy va izchil nazorat o‘rnatilganda, sifat ko‘rsatkichlari muntazam qiyoslab turilgandagina samara beradi.

Ishchi guruhga motivatsiya bag‘ishlayotgan jihatlar ham Taraqqiyot strategiyasining o‘zida mujassam. Ya’ni, mazkur vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi tufayli iqtisodiyotning real sektorida hamda bank-moliya sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish darajasini 2026 yil yakuniga qadar 70 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

DXSh loyihalarining sifatini oshirish kerak

Yuqorida tilga olingan strategiyada ham, platformada ham davlat organlari faoliyatining axborot resurslari va texnologiyalarini yanada taraqqiy ettirish, sohada davlat-xususiy sherikchilik (DXSh) mexanizmini rivoj lantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ish yuritishning to‘liq raqamlashtirilishini ta’minlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomilini soddalashtirish natijadorlikka eng yaqin yo‘ldan eltishi tayin.

Sanoat tarmoqlari va aholi punktlarida hosil bo‘ladigan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalarni qo‘llash, shuning dek, qulay investitsiya muhitini yaratish ham raqamlashtirish jarayoniga borib taqalyapti. Demak, sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish hamda DXSh loyihalarini amalga oshirish masalasini dastlabki bosqichidan tortib, ochiq elektron platformaga ko‘chirish vaqti keldi. Shaffoflik qanchalik kuchaysa, samaradorlik ko‘rsatkichlari shunchalik yaxshilanadi. Tabiiyki, e’tirozlar aks etgan murojaatlar ham o‘z-o‘zidan kamayadi.

– Hududlarda saylovchilar bilan bo‘layotgan muloqotlarda aholi chiqindi poligonlarining holati, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida hali ham yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar mavjudligidan shikoyat qilishmoqda, – deydi parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Sharafutdinov. – Beshariq tumanidagi To‘ychi Eryigitov qishlog‘ining Chashma ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan kelgan shunday muammolar bayon etilgan murojaat joyiga chiqib o‘rganilganda odamlar haqli ravishda e’tiroz bildirayotganiga guvoh bo‘ldik.

Murojaatda aytilgan chiqindixona aholi yashash joyidan 900 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, 3,7 gektar maydonni egallagan ekan. Afsuski, chiqindixona belgilangan tartibda jihozlanmagan. Maxsus texnika yo‘qligi uchun ko‘mish ishlari muntazam olib borilmayapti. Natijada badbo‘y hid tarqalib, zararli hasharotlar va yovvoyi hayvonlar ko‘paygan. Chiqindilarning poligon hududidan tashqarida ham sochilib, aholi yashash joylariga qadar tarqab ketayotganligini aytib o‘tirmaylik.

Ushbu masala bo‘yicha shu hududda istiqomat qiluvchilar tomonidan bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar yo‘llangan. Lekin mavjud muammo hal etilmagan.

Uchrashuvlar davomida mazkur masalaga mas’ul tashkilot hamda DXSh asosida chiqindilarni to‘plash va tashib ketish xizmatini ko‘rsatayotgan “Ferghana Special Trans” MChJ rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqotlar chiqindixona atrofidagi muammolarni yechish imkonini bermadi. Faqatgina Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharafutdinov tomonidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi nomiga rasmiy so‘rov kiritilgandan keyingina biroz siljish ko‘zga tashlandi. Qo‘mita tomonidan mas’ullarni jalb etgan holda poligonda chiqindilarni surish, tekislash va ko‘mish ishlari tashkil etilib, doimiy nazorat qilish yuzasidan Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasiga tegishli topshiriqlar berildi. Hozirda poligonda maxsus texnikalarni muntazam ishlatish, kunlik chiqindilar zichlanib, tuproq bilan ko‘mish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, poligon hududida joriy yil may oyida chiqindilarni saralash va qayta ishlash texnologiyasi o‘rnatish maqsadida elektr energiya tarmoqlarini tortish ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilingan.

Alohida ta’kidlash joizki, ishni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali badbo‘y hidni yo‘qotish, turli chiqindilarning tabiatga zarar yetkazishining oldini olish maqsadida keltirilayotgan ana shu uskunalar ham raqamli texnologiyalar asosida ishlaydi. AKTlarning yanada rivojlantirilishi esa chiqindi yig‘ish texnikalarining qayerda harakatlanayotganidan tortib, ularning qachon darvozadan kirib kelishi va yangi vazifaga chiqib ketishini monitorda ko‘rsatib turishi mumkin. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi rivojlanmasa, bosh qa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi.

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” sharhlovchisi

  • Ko'rildi
    442
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+