Xizmat ko‘rsatish markazlari 5 yilga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi

21.04.2022, 15:10

Xizmat ko‘rsatish markazlari 5 yilga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “mahallabay” ishlash tizimi birinchi navbatda, aholining eng quyi qatlami bilan ishlanishi natijasida ularni ishli qilish, oilaviy daromadini ko‘paytirish va shu yo‘l orqali yashash farovonligini yaxshilash nazarda tutilgan. Jumladan, hokim yordamchilari lavozimining ta’sis etilishidan ham ko‘zlangan maqsad shu. Faqat tizimga endi o‘tilayotgani bois, unda kamchiliklar kuzatilishi mumkin. Ularni bartaraf etish, qolaversa, ish samaradorligini qat’iy nazorat qilish ham ayni paytdagi dolzarb masala hisoblanadi.  

19 aprel kuni Sh.Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shu masalalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlashga alohida urg‘u berildi.

Albatta, bunga erishish uchun hudud iqtisodiyotini ko‘tarish lozim. Bunda ko‘proq tadbirkorlar sonini oshirish yaxshi natija beradi. Shu bois, yaqinda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 million dollar va 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. Ayni paytda tadbirkorlarni eng bezovta qilayotgan soliq ma’murchiligi, tekshiruvlar, ruxsatnomalar tartibi yengillashtirildi.

Yig‘ilishda hokim yordamchilari faoliyatining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi. Aytish kerakki, ular uch oy davomida 6 million 900 ming xonadonni xatlovdan o‘tkazib, 4 ta toifaga ajratgan. Xonadonlarning 11 foizi kam daromadli, 47 foizi qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 6 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 36 foizi o‘ziga to‘q oilalar ekani aniqlangan. Shunga qarab, mahalliy rahbarlar faoliyati manzilli tashkil etilib, minglab fuqarolarning ishga joylashishi, kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashilgan.

Shu uch oyda hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratilgan. Natijada joylarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirilgan. Albatta, bu natijalarga erishish oson bo‘lmayapti. Hokim yordamchilari buning uchun mehnat qilishayotir. Ularning mehnati esa rag‘batsiz qolmaydi. Davlatimiz rahbari ham shu sabab yig‘ilishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan hokim yordamchilarini mukofotlashga ko‘rsatma berdi.

Ammo, kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Ayrim mahallalarda hali-hanuz natija sezilmayapti. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori. Bunday “qoniqarsiz” deb baholangan mahallalardagi holatni yaxshilash uchun esa budjet xarajatlarini optimallashtirish hisobidan 800 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Respublikamizda 2 ming 500 ta mahalla chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka ixtisoslashgan. Ular qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanib, omilkor odamlarga inkubator, xonaki tovuq, asalari uyalari yetkazib berilsa, aholi daromadi yanada oshadi. Qolaversa, xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlarda 140 ming nafar aholi bandligini ta’minlash mumkin. Hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik kabi kichik ishlab chiqarish loyihalarini esa mahallaning o‘zida kengaytirsa bo‘ladi. Prezidentimiz shu maqsadda bunday mahallalarda mikro sanoat markazlari tashkil etish tashabbusini ma’qulladi. Joriy yilda bu maqsadlarga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi, ushbu markazlar 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinishi belgilandi.

Yurtimizda 2 mingdan ziyod mahalla xizmatlar sohasiga ixtisoslashgan. Bunday hududlarni ko‘paytirish maqsadida, aholisi 20 mingdan oshadigan mahallalarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu markazlar ham 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi. Bu esa ham sog‘lom raqobatni shakllantirib, xizmat ko‘rsatish sifatini oshiribgina qolmay, odamlarni ham ishli qilishda qo‘l keladi.

Ushbu yaratilayotgan imkoniyatdan fuqarolarimiz ham unumli foydalanishni, o‘z hayotini, turmush tarzini yaxshilash uchun ozgina bo‘lsada hafsala bilan mehnat qilishni o‘rganishlari lozim. Shunda tizim yaxshi yo‘lga qo‘yiladi va u ham davlatga, ham aholiga foyda keltiradi.

Alisher Ro‘ziyev,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi,

viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    311
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+