Barcha sa’y-harakatlar markazida inson va uning qadri turibdi

22.04.2022, 15:52

Barcha sa’y-harakatlar markazida inson va uning qadri turibdi

Har gal Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurganida voha hayotida yangi sahifalar ochiladi. Ushbu hududdan saylangan deputatlardan biri sifatida qashqadaryoliklarning quvonchu tashvishlari kaminani ham befarq qoldirmaydi. Bugun ulardan-da baxtiyor insonlar topilmasligiga ishonchim komil.

Uzoq yillar davomida neft-gaz tarmog‘i viloyatimizning asosiy “o‘sish nuqtasi” sifatida qabul qilinganini ko‘pchilik juda yaxshi biladi. Natijada iqtisodiyotimizning boshqa tarmoqlari, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash kabi masalalar rivojlanishdan ortda qolib ketgan edi.

Har safar saylovchilar bilan uchrashish maqsadida viloyatga borganimizda “Inson qadri uchun” degan xalqchil tamoyil asosida o‘tkazilgan tahlillar natijasida vohada xalqimizning yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan dastur va loyihalar qisqa muddat davomida o‘z samarasini ko‘rsatib kelayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Xususan, shaxsan Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Chiroqchi tumanining ikkiga ajratilgani shu yerda istiqomat qilayotgan aholini ko‘p yillar davomida qiynab kelgan og‘ir muammodan xalos etdi. Bilamiz, Chiroqchi tumanining hududi katta edi. Ilgari Chiroqchi tumani markazigacha 2-3 soatlab yo‘l yurilardi, bu esa odamlarga ko‘p qiyinchilik va xarajatlar tug‘dirardi.

 Ko‘kdala tumanining tashkil etilishi bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoiti, yangi ish o‘rinlari, yangi ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etilishini bildiradi.  

Tashrif davomida tuman faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tuman aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha boshlangan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, shu maqsadda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqilishi alohida ta’kidlandi. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Joriy yilda 260 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi.

Aytish kerakki, bu zalvorli va hayotiy islohotlar odamlarning kayfiyatini ko‘taradi, nafaqat ko‘kdalaliklar, balki butun voha ahliga beqiyos kuch-quvvat bag‘ishlaydi, desam adashmayman.

Inson qadri haqida gap ketganda, mamlakatimiz xotin-qizlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, e’tibor va e’zoz haqida gapirish o‘rinlidir. Zotan, keyingi yillarda ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Davlatimiz rahbarining qashqadaryolik xotin-qizlarni hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha bergan topshiriqlari  ayollarga e’tibor islohotlar markazida ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Kezi kelganda ta’kidlash lozim, moliyaviy mustaqil ayollar oilasiga ham, jamiyatga ham foyda keltiradi. Shu bois xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayollar qachon oilasida uy-ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, professional jihatdan o‘z o‘rniga ega bo‘ladi? Qachonki, farzandlari har tomonlama sog‘lom o‘sayotganiga ishonchi komil, ko‘ngli to‘q bo‘lsa.

Qashqadaryoda keyingi yillarda maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrov darajasi ortgani ishlaydigan opa-singillarimizning safi kengayib borishiga xizmat qilmoqda. Xususan, 2017 yilda viloyatda qamrov darajasi 17 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yakunida bu ko‘rsatkich 50,6 foizga yetgan edi. O’tgan yillar davomida 69 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi ta’mirlangan. 110 tasi davlat-xususiy sherikligi asosida bunyod etildi. 1146 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushirildi.

Tashrifda xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlik va ishbilarmonlik faoliyatini rivojlantirishga, jamiyatda ayollarning o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelayotgan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlarni ham quvontiradigan bir qator tashabbus va yangiliklar qayd etildi.

Xususan, 8,5 ming nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun 83 milliard so‘m imtiyozli kreditlar yo‘naltirilishi belgilandi. Viloyatda 500 nafar ehtiyojmand ayollarga uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar beriladigan bo‘ldi. Ijarada yashayotgan 785 nafar ayollarga kompensatsiya ajratilib, 112 nafar muhtoj va uy-joysiz yolg‘iz ayollar ijtimoiy uylarga joylashtiriladi. 4 ming 700 nafar yolg‘iz va muhtoj ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovi budjetdan qoplab berilishi belgilandi. Yangi o‘quv yilidan 12 ming 410 nafar talaba qizlarga kontrakt to‘lovi uchun foizsiz kreditlar berish boshlanadi. Yangi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada kontrakt asosida o‘qiyotgan 702 nafar talaba qizlarning kontrakt pullari budjetdan to‘lab berilishidan yurtimizda ayollar qay darajada e’zozlanayotganini his etish qiyin emas.

Aytish kerakki, bu ishlar xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshayotganidan dalolatdir. Binobarin, Taraqqiyot strategiyasining birinchi yo‘nalishi – erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga yo‘naltirilgan vazifalardan iboratdir.

Albatta, Taraqqiyot strategiyasi asosida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yangi va ustuvor vazifalarni amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan deputatlar alohida o‘rin tutadi. Shunday ekan, biz deputatlar tashrif davomida belgilangan vazifalarni tez va sifatli hayotga tatbiq etish, umuman olganda, ularning ijrosini ta’minlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishda har doimgidanda faol bo‘lamiz.

Shahnoza Xolmahmatova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi 

 

  • Ko'rildi
    226
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+