Belgilangan vazifalar viloyat iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi

25.04.2022, 12:20

Belgilangan vazifalar viloyat iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 21-22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, hududlardagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi, aholi bilan dildan suhbatlar qurdi, istiqboldagi rejalarni belgilab berdi.

Prezidentimizning birinchi manzili yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, mazkur tumanni tashkil etish g‘oyasi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan edi. Aholiga qulayliklar yaratish, urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida Ko‘kdala tumani tashkil etildi. Ilgari Chiroqchi tumani markazigacha 2-3 soatlab yo‘l yurilardi, bu esa odamlarga ko‘p qiyinchilik va xarajatlar tug‘dirardi, ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lar edi.

Yangi tashkil etilgan tuman hududi 171 ming gektar bo‘lib, 32 ta mahalladan iborat. Loyihaga ko‘ra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O’zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etiladi. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari quriladi. Bu kabi ezgu ishlar zamirida aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash maqsadlari mujassamdir.

...Bag‘rikenglik xalqimizga xos xislat. Buni ota-onasi mehridan ayrilgan bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan oilalar misolida ham ko‘rish mumkin. Qashqadaryolik Xonimova va Xolliyevlar oilasi 10 nafar, Suyunov va Hamidovalar oilasi 8 nafar, Allanazarova va To‘rayevlar oilasi 5 nafar bolani o‘z farzandlaridek qabul qilganliklarini Prezidentimiz ma’naviy jasorat deb atadilar. Xa, bu chindanda jasorat! O’rnak bo‘lishga arzigulik, savoblarga mengzagulik, ko‘pning duosiga loyiq jasorat!

Prezidentimiz tashrif doirasida Koson tumanidagi “Koson” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish tizimini takomillashtirishga oid loyihalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari klasterlarga qarashli yerlarga suv yetkazib berish bo‘yicha ular bilan davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Eng muhimi, viloyatning ijtimoiy soha va infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb muammolarini hal etish uchun respublika budjetidan qo‘shimcha 360 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 100 million dollar imtiyozli mablag‘lar yo‘naltiriladi va holati eng og‘ir bo‘lgan ob’ektlarda aholining bekamu ko‘st yashashi uchun imkoniyatlar yo‘lga ko‘yiladi. Yangi maktablar qurish, yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz muammosi kabi masalalar dastlabki reja sifatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Imtiyozli kreditlar, ehtiyojmand ayollarga uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar, ijarada yashayotgan ayollarga kompensatsiya, yolg‘iz va muhtoj ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovi budjetdan qoplab berilishi, 12 ming 410 nafar talaba qizlarga kontrakt to‘lovi uchun foizsiz kreditlar ajratilishi, magistraturada kontrakt asosida o‘qiyotgan 702 nafar talaba qizlarning kontrakt pullarini budjetdan to‘lab berishni ta’minlash kabi imkoniyatlar, bu albatta viloyatliklar uchun juda katta yangilik bo‘ldi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi ana shunday natijalarga, yangiliklarga boy bo‘ldi. Bu kabi xayrli ishlarning barchasi aholining farovon turmushiga, viloyat iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Gulshana XUDOYOROVA,

Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    355
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+