Deputatlar Jomboy aholisiga yerlarning auksion orqali ajratib berilishi holatini o‘rgandi

27.04.2022, 13:51

Deputatlar Jomboy aholisiga yerlarning auksion orqali ajratib berilishi holatini o‘rgandi

Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaligining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Jomboy tumanida deputatlik guruhining eshituvi o‘tkazildi.

Tadbir doirasida ishchi guruh tomonidan joylarga chiqqan holda dehqon xo‘jaligi yuritish uchun berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish holati o‘rganildi.

Ta’kidlanganidek, Jomboy tumanida qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan auksion orqali 1228 ta oilalarga joriy yilda berilishi rejalashtirilgan 108 ta konturdagi 232 gektar yer maydonlari asosan ijtimoiy daftarda turgan fuqarolarga ajratib berilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar jami 931 nafar ijtimoiy daftardagi fuqarolarga yer ajratib berilgan.

Ajratilgan yer maydonlarga tumanning iqlim sharoitidan kelib chiqib “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida ekinlar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, g‘olib bo‘lgan fuqarolar tomonidan 217,4 gektar maydonning 73,3 gektariga kartoshka, dukkakli, pomidor ekinlari ekildi. Qolgan 31,2 gektar maydonlarda ekin ekishga yer tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Ishchi guruh Jomboy tumanidagi “Quduqli” mahallasi hududidagi dehqon xo‘jaligi yuritish uchun berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish holatini o‘rgandi. Hududda  har biri 15-20 sotixdan 168 ta lot bo‘yicha yerlar ajratilgan. Lotlarda kartoshka, pomidor va dukkakli ekinlar ekilib parvarish qilinmoqda.

“Quduqli” mahallasida yashovchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Shoxrux Asatullayev va uning turmush o‘rtog‘i Aziza Xusanovalarga ham har biriga 20 sotixdan jami 40 sotix yer maydoni ajratilgan. Ajratilgan yerga pomidorning “Lojin” navini ekib parvarish qilmoqda.

- Turmush o‘rtog‘im bilan 10 yil muddatga ijaraga 40 sotix yer oldik. Daromad olishni niyat qilib pomidorning “Lojin” navini ekib parvarish qilmoqdamiz. 30 ming tupga yaqin pomidor ekdik. 1000 so‘mdan sotilsa 30 mln.so‘m daromad ko‘ramiz. Kelasi yil esa dehqonchilikning puxta rejasini qilib sabzavot ekinlaridan ikki martagacha hosil olib daromadimizni ham 2 barobarga oshirishni reja qilayapmiz, – deydi Aziza Xusanova.

Bu kabi tadbirlar partiya tomonidan viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qodir Shoyimov,

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    435
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+