Olis va chekka hududlar aholisi eng zamonaviy tibbiy xizmatdan bahramand bo‘ladi

27.04.2022, 16:13

Olis va chekka hududlar aholisi eng zamonaviy tibbiy xizmatdan bahramand bo‘ladi

Tibbiyot sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan bo‘lsakda, olis va chekka hududlar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Buni ochiq tan olish kerak. Masalan, tog‘li va tog‘oldi hududlar, qishda qor bosib, avtomobil borishi qiyin bo‘lgan olis qishloqlar aholisi uchun yaratilgan shart-sharoitlarga havas qilib bo‘lmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 18 martda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotda bu xususda fikr bildirdi va bir qator topshiriqlar berdi.

Binobarin, Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aynan olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish hamda shunday hududlarda ishlayotgan shifokorlarga imtiyoz va yengilliklar berish belgilab qo‘yilgan.

Qaror asosida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda 2022 yilda 136 ta yangi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda 2023 yilda yana 140 ta yangi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangani quvonarli hol, albatta. Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan takliflariga muvofiq mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda tashkil qilinadi.

Yana bir muhim jihat haqida aytadigan bo‘lsam, 2022 yil 1 iyuldan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va unga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi. Bundan tashqari ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobaridan oshmagan miqdorda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Qarorning yana bir ahamiyatga molik tomoni shundaki, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beriladi. Yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga imkoniyat yaratiladi. Yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022 yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

Bu yangilanishlar haqida gapirganda, shuni aytishni istar edimki, belgilanayotgan bu imtiyozlar, yengilliklar va joriy etilgan yangicha tartiblar zamirida inson qadri va xalqimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lishi, yaxshi yashashi uchun yetarli turmush sharoitlarini yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam. Davlatimiz tomonidan elu yurtga, xalqqa shunday g‘amxo‘rlik qilinayotgan ekan, unga javoban har bir fuqaro u qaysi hududda yashashidan, qaysi millatga mansubligidan qat’iy nazar shu jonajon yurt ravnaqiga xizmat qilishi kerak. Zotan, Yangi O’zbekistonga yangicha tafakkur va g‘ayrat-shijoat bilan qadam qo‘yaylik!

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi

  • Ko'rildi
    462
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Azizbek2022-04-29 09:45:20

Qoʻllab quvvatlayman


Fikringizni qoldiring

+