Davlat dasturining belgilangan muddatlarda bajarilishi barcha sohalarning jadal rivojlanishini ta’minlaydi

29.04.2022, 11:00

Davlat dasturining belgilangan muddatlarda bajarilishi  barcha sohalarning jadal rivojlanishini ta’minlaydi

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad va 398 ta banddan iborat. E’tiborlisi, ularda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 318 ta qonun, farmon va qarorlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Dasturda nazarda tutilgan topshiriqlardan 87 tasining ijro muddati joriy yilning birinchi choragi etib belgilangan. Shunday ekan, chora-tadbirlar o‘z vaqtida va talab darajasida, mukammal  bajarilyaptimi? Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Davlat dasturining birinchi chorakdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitish jarayonida shu savol o‘rtaga tashlanib, unga javob izlandi.

Taqdim etilgan hisobot, unda keltirilgan har bir raqam va bajarilgan ish  xalq noiblari tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Mamnuniyat bilan e’tirof etish zarurki, hisobot davri mobaynida dasturdagi barcha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, hukumat hisobotida bayon qilinganidek, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ham talay ishlar amalga oshirildi.  Jumladan, Prezidentimiz va hukumatimiz  tomonidan  geosiyosiy  vaziyat  bilan bog‘liq xatarlar bo‘yicha  o‘z  vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida 2022 yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,8 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 105,7 foizni, xizmatlar – 106,9 foizni tashkil qildi. Savdo aylanmasi hajmi 59,1 trln so‘mni tashkil qilib,
o‘tgan yilga nisbatan 110,8 foizga o‘sdi. Jami bozor xizmatlari hajmi 73,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,9 foizga oshdi.  Ayni davrda davlat budjeti daromadlari 41,9 trln so‘mga ijro etildi.

Dasturdagi ko‘lamdor vazifalardan biri iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni – 1,6 baravar  va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish uchun zamin yaratishdir. Bu borada ham dastlabki uch oyga rejalashtirilgan  ishlar  to‘liq bajarildi.  Jumladan, Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq 2022 yilda Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy nazorat faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ajratilgan subsidiya va erishilgan natijalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish tartibi, budjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasi
oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Yaqinda qabul qilingan tegishli me’yoriy hujjatlar tufayli mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilangani ham e’tiborga molik.

Ana shu ishlar barobarida  sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravar oshirish maqsadidan kelib chiqilib, kimyo va gaz kimyosi sohalarini rivojlantirish va tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga yetkazish orqali kimyo sanoatida
2 mlrd AQSh dollarlik mahsulot ishlab chiqarish uchun  “Ximgrad” AJ (Tatariston Respublikasi) bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki barpo qilinganini qayd etish joiz. Investitsiya yo‘nalishida esa shu yil yanvar-mart oyi yakuniga ko‘ra  jami qiymati 2 mlrd 448 mln dollar bo‘lgan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi yoki prognoz ko‘rsatkich 167 foizga bajarildi, o‘sish sur’ati 134 foizni tashkil qildi.

Sarmoya – iqtisodiyot drayveri. Bu borada ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani quvonarli. Investitsiya yo‘nalishida joriy yil yanvar-mart oylarida jami qiymati 2 mlrd 448 mln dollar bo‘lgan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi yoki prognoz ko‘rsatkichi 167 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati 134 foizni tashkil qildi. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 2 mlrd
248 mln dollar yoki prognozga nisbatan 176 foizni, hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 201,0 mln dollar yoki prognozga nisbatan 103 foizni tashkil qildi.

Shuningdek, yirik sanoat tarmoqlari va hududiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravarga oshirish, qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda jadal rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish va boshqa ko‘plab maqsadlar bo‘yicha ham samarali, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilgani davlat dasturining muvaffaqiyatli bajarilayotganidan dalolatdir.

Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda jadal rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazishga qaratilgan ishlarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tish ham maqsadga muvofiq.

Mamlakatimiz  hududlarida sug‘orish quduqlarini qazish, irrigatsiya-melioratsiya va boshqa tadbirlarni amalga oshirish orqali yerlarni foydalanishga kiritish bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlandi.

2022 yil hosili uchun respublikada jami 1,034 mln gektar maydonda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 4 mln tonnaga yaqin paxta xomashyosi yetishtirish belgilandi.

Bugungi kunda ochiq elektron tanlovlarda 55 ming 973 gektar
er maydonlari 256 ming nafar g‘olibga ajratib berildi.

Shuning barobarida tomorqadan samarali foydalanishni tashkil etish, respublikamiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlar oshib ketishining oldini olish, aholini kambag‘allikdan chiqarish va dehqonlarimiz daromadini kamida 2 martaga oshirish maqsadida 5,5 mln ta aholi tomorqalaridan samarali foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil bahor oylarida aholi tomorqalarining 384 ming gektarida (o‘tgan yilgidan 36 ming gektar ko‘p) qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish bo‘yicha “mahallabay dasturlar” sektor rahbarlari va hokim yordamchilari bilan birgalikda ishlab chiqildi.

Yetishtiriladigan qishloq ho‘jaligi mahsulotlari 6 mln 741 ming tonnani (oldingi yildagidan 1 mln tonnaga ko‘p) tashkil etishi kutilmoqda.

Joriy yilda 36 ta tomorqa xizmati klasterlarini tashkil etish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamg‘armadan 180 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi.

Muayyan ekin turini yetishtirishga ixtisoslashadigan tumanlar va yirik mahallalarda joriy yilda 2 mingta tomorqa xizmati korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armadan ustuvor ravishda tomorqachilik rivojlanmagan hududlardagi tomorqa xizmati korxonalariga 300 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar garov ta’minotisiz ajratiladi.

Joriy yilning birinchi choragida aholi tomorqalarida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 146 mingtani tashkil etib, bu boradagi ishlar bugungi kunda jadal davom ettirilmoqda.

Fraksiyamiz Vazirlar Mahkamasining hisobotini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning barobarida hukumat quyidagi asosiy masalalarga alohida diqqat qaratishi lozim,  deb hisoblaydi:

  1. Mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini, makroiqtisodiy barqarorlikni, milliy tovar bozorlarida muvozanatni ta’minlash va inflyatsiyani jilovlash, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandlik masalasini hal etish, ijtimoiy infratuzilmalarni yaxshilash.
  2. Xorijiy va ichki investitsiyalarni jalb qilish uchun jozibador investitsiyaviy muhit yaratilishini davom ettirish, jalb etilgan investitsiyalardan samarali foydalanish va investitsiyaviy loyihalar natijadorligini ta’minlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada mustahkamlash.
  3. Milliy iqtisodiyot drayveri bo‘lgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatni davom ettirish, hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini amalga muvaffaqiyatli tatbiq qilish.
  4. Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligida tizimli islohotlar izchil amalga oshirilishini ta’minlash.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, aholi turmush darajasining barqaror o‘sib borishini ta’minlash doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi, hukumatning barcha sa’y-harakatlari shu maqsadga yo‘naltirilishi lozim.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz:  partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalari davlat dasturi doirasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan ko‘lamdor va salmoqli ishlarga hamohangdir. Dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan partiyamiz va parlament quyi palatasidagi fraksiyamiz deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib boryapti, shu bilan birga ularning amalga oshirilishiga muayyan hissa qo‘shyapti.  

Xulosa tariqasida shuni aytish kerakki, taqdim etilgan hisobotda barcha muhim masalalar, erishilgan natijalar aniq-ravshan aks ettirilgan. Mazkur hisobot Davlat dasturidan o‘rin olgan vazifalar  izchil va muvaffaqiyatli tarzda hayotga tatbiq etilyapti, deya xulosa chiqarishga asos beradi.   Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi esa barcha sohalar o‘sishi va rivojlanishi, xalqimiz farovonligining uzluksiz yuksalib borishi kafolatidir.

 Aktam Xaitov,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi

 Ijroiya qo‘mitasi  raisi

  • Ko'rildi
    211
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+