Deputatlik eshituvi: Pastdarg‘omda investitsiya loyihalarning amalga oshirilish holati tahlil qilindi

05.05.2022, 12:23

Deputatlik eshituvi: Pastdarg‘omda investitsiya loyihalarning amalga oshirilish holati tahlil qilindi

Pastdarg‘om tuman kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaligining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri B.Yakubovning axborotini eshitdi.

Ta’kidlanganidek, tumanda paxta va g‘alladan qisqartirilgan ekin maydonlari zahiraga olingan bo‘lib, bugungi kunda dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tayyorlangan 1044 gektar yer maydoni loyihalari xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasida muhokama qilinib tasdiqlangan.

Tumandagi 107 ta mahallada 208 ta konturda 1044 gektar yerlar 6450 ta lotlar bo‘yicha ochiq auksionga qo‘yilgan. Shundan 6290 ta, ya’ni 97,5 foizi  lot auksionda yutilib, dehqon xo‘jaliklariga yerlar ajratib berilgan. Qolgan 160 ta lot bo‘yicha yerlar auksionga qo‘yilib borilmoqda.

Ishchi guruh joyga chiqqan holda ham yerlardan samarali foydalanish holatini o‘rgandi. Shuningdek deputatlik guruhining majlisida tumanda 2022 yilda investitsiya loyihalarining bajarilish prognozi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborot eshitildi.

Jumladan, joriy yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmatlar ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish dasturi doirasida rejaga asosan qiymati 578,8 mlrd. so‘m jami 44 ta loyihalarni amalga oshirish hamda 1244 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Misol uchun, tumanning “Chimboy” mahallasida "Plaster Lime Stone" MChJ tomonidan qiymati 55 mlrd.188 mln. so‘mlik tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi natijasida 50 dan ortiq turdagi yangi tayyor kiyimlar ishlab chiqariladi va  267 ta yangi ish o‘rinlari  yaratiladi.

Joriy yilning yanvar-aprel holatiga ko‘ra amalda 790,0 ming dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Deputatlar tumanda 2022 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va aholiga tabiiy hamda gaz balonlari bilan ta’minlash holati ijrosi to‘g‘risida tuman gaz ta’minoti rahbarining ham axborotini eshitdi. 

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator muammolar ham muhokama qilindi. Muammolar yechimi yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda mahalliy Kengash sessiyalarida muhokama qilib borish bo‘yicha deputatlik guruhining vazifalari belgilab olindi.

Qodir Shoyimov,

O’zLiDeP Samarqand viloyat kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    325
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+