Har bir insonning baxti iqboli - jamiyat taraqqiyotining garovidir

05.05.2022, 15:14

Har bir insonning baxti iqboli - jamiyat taraqqiyotining  garovidir

Jamiyatda kechayotgan har qanday o‘zgarish, yangiliklar, avvalambor, insonlar ongi shuurida, dunyoqarashida aks etadi va shu asnoda ularning hayotga, bugungi kunga bo‘lgan munosabatini belgilab beradi.

Bugun yurtimizda joriy qilingan “mahallabay”, “xonadonbay” va shu kabi bevosita aholi dardu tashvishini, muammolarini bartaraf etishga qaratilgan boshqa ish usullari, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, tamoyilining kundalik turmushimizdan mustahkam o‘rin olishi, “Har bir insonning qadri bor!”, degan ezgu tushuncha odamlar qalbidan joy olgani yurtdoshlarimizning o‘tayotgan bugungi kunlaridan rozi bo‘lib, ertangi kunlariga ishonch bilan qarashiga mustahkam zamin tayyorlamoqda. Qolaversa, bu tushunchalar, amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizning asriy an’ana va qadriyatlari bilan hamohangdir.

Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

Joriy yilning 29 aprel kuni Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda yurtimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan yanada keng imkoniyatlar belgilandi. Odatda O’zbekiston degan so‘z, “Yoshlar mamlakati” degan ibora bilan birga tilga olinadi. Biroq, yurtimizda 3 milliondan ortiq nuroniylar ham keksalik gashtini surmoqda. Xonadonimiz farishtalari, duogo‘ylarimiz, har bir ishda maslahatgo‘yimiz bo‘lgan keksalar  yurtimizda ijtimoiy e’tiblorda. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi orqali ularga g‘amxo‘rlik qilish, salomatligini asrash e’tiborga olingan.

Yig‘ilishda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar har yili sanatoriylarda davolanishi, kam ta’minlangan nuroniylarning dori-darmon va ortopediya moslamalari, jarrohlik amaliyotlari xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi qayd etildi. Keksalarning sport bilan shug‘ullanishi, teatr va muzeylarga borishi, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilishi uchun yengilliklar belgilandi.

Ehtiyojmand aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida  pensiya va nafaqalarni 1 maydan 12 foizga oshirish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolandi. Bu orqali 4 million 100 ming aholi xonadoniga qo‘shimcha mablag‘ kirib boradi.  Shuningdek, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Xotira va qadrlash kuni” munosabti bilan 9 may arafasida urush qatnashchilariga 15 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti beriladi.

Endilikda, nogironligi bo‘lgan keksalarga alohida e’tibor qaratiladi. Misol uchun, avval ishlamagan, “Saxovat” uylaridagi yashovchi mingga yaqin kishiga hozir hech qanday to‘lov yo‘q. Endi ularga ham shaxsiy harajatlari uchun qarilik nafaqasining 20 foizi to‘lab beriladi.      Nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi ham kengaytirilishi ma’lum qilindi.

O’zini o‘zi band qilgan va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi. Ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan o‘qitiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga shu borada topshiriq berildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlari va ularning hududiy bo‘limlari xodimlariga oylik to‘lash uchun davlatdan subsidiya ajratiladi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni to‘liq ta’limga jalb etish maqsadida “Nurli maskan” maktablarida yangi o‘quv yilidan qo‘shimcha 850 ta o‘quv xonasi va 1 ming 200 ta yotoqxona o‘rni tashkil etiladi. Davlat buyurtmasi asosida, ushbu maktab kutubxonalari Brayl yozuvidagi darslik va o‘quv qo‘llanmalari, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga oziq-ovqat va kiyim-kechak xaridi uchun 10 million so‘mdan ajratish amaliyoti nodavlat oliygohlarda ham joriy etiladi.

Prezidentimiz mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlab, ularga ko‘maklashish tajribasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Unga ko‘ra, xotin-qizlar faollari hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga har bir xonadonga kirib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojni aniqlaydi. Bu xizmatlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini tashkil qiladi. Murakkab tibbiy operatsiyalarga muhtojlar bepul davolanadi.

Bugungi kunda norasmiy sektorda ayollar ulushi 57 foizni tashkil qilmoqda. To‘g‘risini aytish kerak, ko‘plab ish beruvchilar homiladorlik nafaqasini to‘lamaslik uchun ayollarni rasmiy ishga olmaslikka harakat qiladi.   Shu bois 2022 yil sentyabrdan boshlab, tug‘ruq ta’tili to‘lovining bir qismini davlat budjeti hisobidan to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

E’tiborlisi,ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish borasidagi bu ulkan ishlarning barchasi moddiy ta’minlanadi.

Guvohi bo‘lganingizdek, davlatimiz tomonidan ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Kerakli shart-sharoitlar yaratilmoqda.   Biroq, mehr- oqibat tuyg‘ulari faqatgina moddiyat bilan bog‘liq emas. Mehr ko‘zda, deydi xalqimiz. Yaqinlar, mahalladoshlar, keksalar holidan doimo xabardor bo‘lish, kezi kelganda bir og‘iz shirin so‘z bilan ularning ko‘nglini ko‘tarish, duosini olish ham farz, ham qarz.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari, odamlarning dardiga darmon bo‘lish – insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmaslikni, bunday ezgu ish uslubi barchamizning nafaqat xizmat vazifamiz, vijdoniy burchimizga aylanishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Erkin XOLMATOV,

OzLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi

OzLiDeP deputatlik guruhi rahbari.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    330
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+