Mahallada ishsiz bo‘lmaydi

10.05.2022, 16:35

Mahallada ishsiz bo‘lmaydi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan Guliston tuman Kengashi bilan hamkorlikda tumandagi “Sohil” mahallasida aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ochiq muloqot tashkil qilindi.

Mahalla hududlarida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi mas’ul xodimi H.Jabborov, tuman Kengashi apparat rahbari D.Muhitdinov, tuman Kengashi deputati M.Esirgapov, Sohil MFYdagi hokim yordamchisi M.Bo‘ronova va aholi vakillari ishtirok etdi.

Hozirgi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar bilan manzilli ishlash va ularning “o‘sish nuqtalari”ni hayotga tatbiq etish maqsadida hududlarda tashkil etilgan “mahallabay” ishlash tizimi o‘z samarasini bermoqda.

Endilikda “mahallabay” ishlash tizimini keyingi bochqichga olib chiqish mahallaning o‘zida turib, barcha masalalarni hal qilish choralarini ko‘rish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida tashkil etilgan hokim yordamchilari ishida dastlabki samaralar ko‘rinayapti.

Guliston tumanida 25 ta mahalla bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchilari faoliyat olib boryapti.

 Sohil MFYdagi hokim yordamchisi, O‘zLiDeP a’zosi M.Bo‘ronova faoliyatini xatlov jarayonidan boshladi.

Mahallada 393 ta xonadon mavjud bo‘lib, 685 ta oilada 2756 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda. Xatlov jarayonlarida ushbu MFYda 109 nafar ishsiz fuqarolar aniqlandi. 2022 yil 1-choragi davomida 19 nafar aholiga, 2 ta issiqxona, 2 ta xizmat ko‘rsatish va 15 ta chorvachilik uchun 541 mln so‘m kreditlar ajratilib, natijada 25 nafar aholi, xususan 10 nafar yoshlar bandligi ta’minlandi. Qishloq sharoitida chorvachilik va dehqonchilik eng maqbul yo‘nalish hisoblanadi. Bu borada ham tomorqa egalarimiz namuna darajasida ishlashayapti.

- Hokim yordamchisi mas’uliyatli vazifa, - deydi hokim yordamchisi Muhabbat Bo‘ronova. – Shu ish bizga ishonib topshirildimi, sidqidildan mehnat qilishimiz kerak. Mana, ishlasak bo‘larkan. Faoliyatimni boshlaganimdan buyon yakka tartibdagi tadbirkorlar ko‘paydi. 39 nafar aholi o‘zini o‘zi ish bilan ta’minladi. Ish boshlagani mahalladagi ishsizlik, kambag‘allik muammosiga yechim topildi, degani emas. Hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ishli bo‘lgan, chorvachilik va dehqonchilik, tikuvchilik  bilan shug‘ullanishni boshlagan fuqarolarimiz ishining rivojiga yanada hissa qo‘shish, yo‘llarida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarga yechim topish asosiy maqsadimiz bo‘lishi kerak. Shundagina tadbirkorlar safi kengayadi, mahallada ishsizlar bo‘lmaydi.

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    269
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+