Darvoza tutaklik ayollar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
12.05.2022, 17:54

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi “Ayollarning siyosiy faolligini, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi” tashabbusi bilan “Sog‘lom oila - mustahkam oila” loyihasi doirasida Qarshi shahridagi Darvoza tutak mahallasida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. MFY binosida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik jarayonida Qarshi shahar “Nasaf medical center” hamda Samarqand shahridagi “Samarkand Smiss Lab” xususiy klinikalarining malakali shifokorlari tomonidan 300 dan ortiq fuqarolarning salomatliklari tekshirilib, aniq tashhislar qo‘yilgan holda tibbiyot muassasalarida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
- Ko‘p yillardan buyon qon bosimi va qandli diabet kasalligi meni qiynab keladi, - deydi darvozatutaklik Halima Bo‘riyeva. – Juda ko‘p shifokorlarga uchrashganman. Har qaysisi har xil dorilar yozib berishardi. Toshkentgami, Samarqandgami borib, malakali shifokorlarga ko‘rinib, aniq tashhis qo‘ydirish niyatim bor edi. Ammo iqtisodiy tomondan qiynalganim bois uzoq shaharlarga borishning sira iloji yo‘q edi. Tunlari Ollohga iltijo qilib, dardimga shifo so‘rar edim. Tangrining inoyati bilan orzuyim ushaldi. Samarqandlik eng zo‘r shifokorlar bizning mahallamizga kelib, salomatligimni tekshirib ko‘rishdi. Endilikda avvalgidek 8 ta emas, ikkitagina tabletka iste’mol qilayapman. Sog‘lig‘im ancha yaxshilandi. Dardimizga darmon bo‘lib, biz bemorlarning rahmini yegani uchun O’zLiDeP viloyat kengashi hamda Qarshi shahar kengashi deputati Dilrabo Sharipovaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Tan jonlari sog‘ bo‘lsin, shifokorlik va deputatlik faoliyatlariga olloh madadkor bo‘lsin deb duo qilaman.
Shu kuni mahallada istiqomat qilayotgan 3245 aholining 300 nafaridan ko‘prog‘i shifokorlar ko‘rigidan o‘tishdi. Tadbir so‘ngida tashkil etilgan davra suhbatida aholi salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmatni zamonaviylashtirish va sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarini eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlash yuzasidan amaliy takliflar bildirildi. Tibbiy ko‘rik shaharning Gulshan mahallasida ham yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Sayfulla IKROMOV,
“XXI asr” muxbiri
O'xshash yangiliklar
-
O’zLiDeP “Ayollar qanoti” hamda Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi
27.06.2022, 18:11
-
Bandixonda 26 nafar ishsiz xotin-qiz kasb-hunarli bo‘ldi
27.06.2022, 17:59
-
Partiyaning ishbilarmon ayoli aniqlandi
27.06.2022, 16:45
-
O’zLiDeP faoli 131 nafar ayolni ishli qildi
27.06.2022, 14:58
-
“Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida mahorat darsi tashkil etildi
24.06.2022, 16:05
Fikringizni qoldiring