Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va narxlar barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi

13.05.2022, 17:35

Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va narxlar barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tashabbusi bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib borish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, partiya fraksiyasi hamda Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.Norqulov sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar yuzasidan taqdimot qildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan 2022 yilda inflyatsiya darajasini belgilangan prognoz darajasida ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini monitoring qilish va barqarorligini saqlashga oid “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan.

Bugungi kunda butun dunyoda, xususan, mamlakatimizning asosiy hamkor davlatlarida sodir bo‘layotgan jarayonlar bevosita iqtisodiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxi indeksining o‘sishi oxirgi 10 yildagi rekord darajagacha oshgan.

Shuningdek, Rossiya va Ukraina orasida yuzaga kelgan ziddiyat tufayli jahon bozorlarida so‘nggi ikki oyda ushbu mamlakatlardan eksport qilinadigan tovarlar narxi sezilarli darajada oshishi kuzatildi, xususan bug‘doy narxi 36 foizga, shakar xomashyosi – 10 foizga, shuningdek, o‘simlik yog‘i narxi Yevropa Ittifoqida 1,1 barobarga, Rossiya bozorlarida 60 foizga oshgan.

O’zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv sharoitida jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi mamlakat ichki bozori narxlariga ham ma’lum darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tabiiy.

Partiya Ishchi guruhi tomonidan kelgusida Dastur hamda Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ijrosi yuzasidan tizimli jamoatchilik va deputatlik nazorati olib borishga kelishib olindi.

G’ayrat Turg‘unov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

sektor mudiri, ishchi guruh a’zosi.

  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+