Qo‘shma yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish masalasi muhokama qilindi

17.05.2022, 12:07

Qo‘shma yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish masalasi muhokama qilindi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda fraksiyalar tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni izchillik bilan davom ettirishda huquqiy poydevorni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qat’iy davom ettirish maqsadida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish parlament oldida turgan muhim vazifa ekanligi aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar natijasida Yangi O’zbekistonni barpo etishning mustahkam siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-madaniy asoslari yaratildi.

Kundalik hayotimizda “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi fundamental demokratik tushunchalar va qadriyatlar real voqelikka aylandi. Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarmoqda.

2021 yilda erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi tom ma’noda mamlakatimiz o‘zi tanlangan demokratik taraqqiyot yo‘lidan hech qachon ortga qaytmasligini isbotlab berdi.

Keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida O’zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar zarurligi ta’kidlangan edi.

Davlatimiz rahbarining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylangani hamda konstitutsiyaviy islohotlarning yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgandi.

Qo‘shma yig‘ilishda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Bosh qomusimiz – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi.

O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining fraksiyasi a’zolari O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan taklifini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlashini bildirib, ushbu jarayonda parlament a’zolari, keng jamoatchilik va xalqimiz birlashgan holda ushbu islohotlarni ro‘yobga chiqarishda asosiy drayver bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirishga qaratilgan aniq normalar barcha fuqarolar, jamoatchilik vakillari hamda xalqimizning taklif va fikrlari asosida shakllanishi, bunda ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishini zarurligini bildirdi.

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yetakchi fraksiyalari hisoblanib, siyosiy tizimda alohida o‘rin tutadi. Ushbu fraksiyalarning a’zolari tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslari partiyalarning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang kelishi ta’kidlandi.

Qo‘shma yig‘ilish yakunida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish masalasini Oliy Majlis palatalari Kengashlariga kiritishga kelishib olindi.

Shu bilan birgalikda, yig‘ilish yakuni bo‘yicha O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

  • Ko'rildi
    367
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+