Tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash orqali inson qadri yanada ulug‘lanadi
18.05.2022, 14:51

Inson salomatligini muhofaza qilish qadr-qimmatning eng ulug‘ tushunchasidir. To‘g‘ri-da, salomatlikka ne yetsin. Yurtimizda odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashining bosh mezoni salomatlikdir. Binobarin, inson sog‘-salomat yashashi uchun eng avvalo shifokorlar qo‘llab-quvvatlanishi, unumli mehnat qilishi, to‘kis yashashi uchun barcha qulayliklar yaratib berilishi lozim.
Prezidentimizning 2022 yil 17 maydagi “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan tibbiyot xodimlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, farmonda 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari: oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga, ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga, tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshirilgani qayd etilgan. Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
Farmonning yana bir diqqatga molik jihati shundan iboratki, xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar to‘lab beriladi. Yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar belgilanishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
Yana bir e’tiborli jihatga diqqatingizni tortmoqchiman. Farmonda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasida va mehnat faoliyatida ilmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanishi ham belgilab qo‘yildi.
Uzoq va olis hududlarga borib ishlovchi shifokorlar mehnati ham qadrlanadi. Farmonda 2022 yil 1 iyuldan boshlab viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanishi qayd etilgan.
Bu g‘amxo‘rliklar zamirida yuqorida ta’kidlaganimizdek, inson qadri va salomatlik qadri degan ulug‘ tushunchalar mujassm desak, sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zotan, shifokorlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bu – yurtimizning gullab yashnashiga, sog‘lom avlod kamol topib, Yangi O’zbekiston kelajagini yaratishga munosib hissa qo‘shishidan dalolat berib turibdi.
Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.
O'xshash yangiliklar
-
Aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda
25.03.2023, 16:42
-
Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish choralarini ko‘radi
25.03.2023, 16:08
-
Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar oshmoqda
25.03.2023, 16:05
-
Yangi Qomus barqaror iqtisodiy rivojlanishni kafolatlaydi!
25.03.2023, 14:26
-
Qonun ustuvorligi ta’minlangan yurtda taraqqiyot yuksaladi
25.03.2023, 11:29
Fikringizni qoldiring