Shahrisabzning ishbilarmon ayollari saralandi

23.05.2022, 15:42

Shahrisabzning ishbilarmon ayollari saralandi

“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Shahrisabz shahar bosqichida o‘ttizga yaqin xotin-qizlar tayyorlagan mahsulotlarni namoyon etish barobarida yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi amaliy ishlari haqida to‘planganlarga so‘zlab berdilar. Tadbirkorlik faoliyatlarini qay tariqa yo‘lga qo‘yganliklari, mahsulot ishlab chiqarish borasida chekkan zahmatlari, bugungi kundagi yutuqlari haqida yosh qizlarga master klass o‘tishdi.

Ayniqsa, ular tomonidan yaratilgan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Birinchi o‘ringa 20 nafar xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlab, uch yuzga yaqin  yosh qizlarga milliy kashtachilik sirlarini o‘rgatib kelayotgan oilaviy tadbirkor Zuhra Ibodullayeva loyiq deb topildi. Hunarmand ayol iroqi kashtachiligi borasida tinimsiz izlanib, o‘ndan ortiq qadimiy kashtalarni qayta kashf etganligini ham e’tirof etmoq lozim. Ikkinchi o‘ringa Sitora Kamolova sazovor bo‘ldi. U milliy non va non mahsulotlari ishlab chiqarib, aholini bu ne’matga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Kelinlar liboslari, maxsus kiyim-kechak, bolalar kiyimlari kabi o‘nlab mahsulot turlarini ishlab chiqarayotgan tadbirkor ayol Rohila Nasimova uchinchi o‘rinni band etdi.

Shahrisabz tuman bosqichida o‘ttizdan ortiq xotin-qizlar omadlarini sinab ko‘rdilar. Hakamlar hay’ati tomonidan birinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan Madina Boyqobilovaning sexida 25 nafar qizlar muntazam ishlaydi. 60 nafar ayollar esa kasanachilik orqali ish bilan ta’minlangan. Mo‘‘jazgina o‘quv markazida har yili yuzga yaqin yosh qizlar milliy liboslar, milliy qo‘g‘irchoqlar tikishni o‘rganishadi. Ikkinchi o‘ringa konditer mahsulotlari ishlab chiqarishda barchaga namuna bo‘layotgan Lobar Saidova, uchinchi o‘ringa esa iroqi kashtachiligini rivojlantirib, xotin-qizlarga o‘rgatib kelayotgan Dilbar Samiyevalar sazovor bo‘lishdi.

Shahrisabz shahar va tuman bosqichlari g‘olibalari Zuhra Ibodullayeva hamda Madina Boyqobilovalar ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etadigan bo‘lishdi. Bir nechta nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    478
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+